Iste’molchilar huquqlari qonun himoyasida
O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etilishi, qonun targ‘iboti, aholining iste’molchilik bilimi va savodxonligini oshirishga qaratilgan dasturlarni ishlab chiqish va amalga oshirish choralari ko‘rib kelinmoqda.
Joriy yilning birinchi yarim yilligi holatiga ko‘ra, ayni yo‘nalishlarda hududiy boshqarmaga 7 ming 210 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarni sohalar kesimida tahlil qilsak, ularning asosiy qismi uy-joy, kommunal va transport, savdo va umumiy ovqatlanish, aloqa va moliyaviy-ijtimoiy xizmatlar va reklama faoliyatini tartibga solish hissasiga to‘g‘ri keladi.
Boshqarma tomonidan iste’molchilardan tushayotgan og‘zaki, yozma va elektron shakldagi murojaatlar belgilangan tartibda ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etilishiga erishilmoqda. 7 ming 210 ta murojaatdan 2 ming 645 tasi kommunal sohadagi muammolar, 1 ming 868 tasi savdo va umumiy ovqatlanish, 1 ming 710 tasi transport va aloqa xizmatlari, Reklama sohasida 789 ta hamda 108 ta boshqa sohalarga to‘g‘ri keladi. Iste’molchilardan tushgan ariza va shikoyatlarni o‘rganish davomida va boshqarma tahlillari natijasida iste’molchilar foydasiga o‘tgan vaqt ichida jami 7 milliard 392 million 509 ming 744 so‘m so‘m miqdorda qayta hisob-kitob qilindi.
"Nexia 3 av-gx16/at" avtomobili nima sababdan yangisiga almashtirib berildi? Ma’lumki, kundalik hayotimizda har kimga avtomobil zarurligini bilamiz, ammo xarid qilingan avtomobil nosoz bo‘lsa, bu har kimning ham kayfiyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Shunday holat yuzasidan2020 yil 25 avgust kuni fuqaro T.Mo‘minov Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga iste’molchi sifatida huquqlari poymol bo‘layotganligi sababli murojaat qiladi. Mazkur мурожаат yuzasidan agentlikning Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan “PSM-AVTOSAVDO” MCHJga iste’molchi bilan tuzilgan shartnoma shartlari buzilayotganligi bo‘yicha so‘rov xati yuborildi va "NEXIA 3 AV-GX16/AT" автомобилдаги nuqson, ya’ni avtomobilning kuzov qismida bo‘yoqlari sifatsiz bo‘lganligi hamda ko‘chib ketayotganligi aniqlandi, ammo fuqaro T.Mo‘minovga avtomobil almashtirib berilmagan. Shundan so‘ng hududiy boshqarma ko‘magi bilan "NEXIA 3 AV-GX16/AT" avtomobili “PSM-AVTOSAVDO” MCHJ avtosaloni tomonidan huddi shu rusumdagi yangi avtomobilga almashtirilishiga erishildi.
Shu kabi murojaatlar agentlik tomonidan o‘rganilmoqda va ijobiy hal qilinmoqda.
Saidamin Sodiqov,
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama faoliyatini tartibga solish boshqarmasi boshlig‘i.