Iste’molchilar huquqlari himoya qilinmoqda
Navoiy viloyatida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlar natijasida fuqarolarning murojaatlari ijobiy hal etilmoqda.
Jumladan, Zarafshon shahrining 12-kichik tumanida yashovchi fuqaro E.D. tomonidan yozma murojaat yo‘llanib, unda ko‘p qavatli uy-joy qurayotgan qurilish firmasidan xarid qilingan xonadon sifati pastligi hamda belgilangan muddatda topshirilmagani sababli to‘langan mablag‘ni qaytarish masalasi ko‘tarilgan.
Mazkur murojaat mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, unda keltirilgan holatlar o‘z tasdig‘ini topdi. Natijada qurilish firmasi tomonidan fuqaro to‘lagan 87 million so‘m mablag‘ to‘liq qaytarib berildi.
Shuningdek, Xatirchi tumanida ham fuqarolarning murojaatlari e’tiborsiz qoldirilmayapti. “Qoracha” MFYda yashovchi fuqaro J. R. tomonidan xarid qilingan muzlatkich bilan bog‘liq muammo ham Xatirchi tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘z vaqtida ijobiy hal etildi. O‘rganishlar davomida murojaat asosli deb topilib, iste’molchining huquqlari tiklandi.
Yana bir holatda esa “Polvon ota” MFYda yashovchi fuqaro Sh. R. 1091 – ishonch telefoniga murojaat qilib, tuman markazidagi savdo do‘konidan 3 million so‘mga xarid qilgan kir yuvish mashinasi shartnomada ko‘rsatilgan mahsulotdan farq qilganini bildirgan. Ushbu murojaat ham mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, amaliy yordam ko‘rsatildi. Natijada mahsulot qaytarilib, shartnoma bekor qilindi va fuqaroning murojaati ijobiy hal etildi.
Bundan tashqari, yana bir fuqaro M. M. tomonidan ishonch telefoniga yo‘llangan og‘zaki murojaatda 9,2 million so‘mga xarid qilingan muzlatkich nosoz ekani bildirilgan. Holat o‘rganilib, iste’molchining da’vosi asosli deb topildi va muzlatkich yangisiga almashtirib berildi.
Umuman olganda, bu kabi murojaatlarning qisqa muddatda ijobiy hal etilishi iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi samaradorligini ko‘rsatib, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri