Iste’molchiga xonadon kaliti topshirildi
Navoiy shahrida yashovchi fuqaro T.A. 2024 yil 6 mart kuni shahardagi ko‘p qavatli turar joy majmuasidan umumiy qiymati 500 million so‘m bo‘lgan xonadon sotib olish maqsadida quruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzib, oldindan 130 million so‘m miqdorida to‘lov amalga oshirgan.
Shartnomaga ko‘ra, xonadon 2026 yilning 4-choragiga qadar topshirilishi kerak edi. Biroq bugungi kungacha qurilish ishlari boshlanmagan va quruvchi ob’ektni 3 yil ichida topshirishini bildirgan. Bu holatdan norozi bo‘lgan fuqaro T.A. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Navoiy shahar jamiyatiga murojaat qilgan.
Mazkur murojaat jamiyat xodimlari tomonidan o‘rganilib, quruvchiga iste’molchining qonuniy huquqlari batafsil tushuntirildi. Natijada quruvchi tomonidan fuqaro T.A.ga hozirda qurib bitkazilgan tayyor xonadonlardan birining kaliti topshirildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri