Iste’molchidan ortiqcha olingan pul qaytarildi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi, uning shahar va tuman jamiyatlari tomonidan fuqarolarning huquq va manfaatini himoya qilish, ulardan kelib tushgan murojaatlarni vaqtida hal etish yuzasidan ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, Nukus shahrida yashovchi U.Rahimova “1091 – Ishonch telefoni” orqali murojaat qilib, “M” savdo markazidagi do‘konlarning biridan kosmetika mahsulotini xarid qilish vaqtida ortiqcha to‘lov olinganini bildirgan.
Murojaatda ko‘rsatilishicha, iste’molchi do‘kondan 322 ming so‘mlik kosmetika mahsulotini sotib olgan. Biroq plastik karta orqali to‘lov ikki marta olinib, jami 644 ming so‘m yo‘qotilgan. Natijada iste’molchidan 322 ming so‘m ortiqcha to‘lov olingan.
Bu holat Nukus shahri iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan o‘rganilib, do‘kon sotuvchisiga savdo qilgan fuqaroning iste’molchi sifatidagi huquqi tushuntirildi. Natijada yuqoridagi holat tasdiqlanib, iste’molchidan ortiqcha olingan 322 ming so‘m pul plastik kartasiga qaytarib berildi.
Yana bir holatda Qorao‘zak tumanida yashovchi U.B.ning “Fevralda buyurtma berib, sentabrgacha kutganimiz oz degandek, olib kelgan eshiklari sifatsiz chiqdi…” – degan murojaati ham ijobiy yechimini topdi.

Murojaat egasi tomonidan tuman markazidagi eshik-deraza yasaydigan tadbirkorga 7 dona eshik uchun naqd 7 million so‘m beriladi. Lekin buyurtma vaqtida bitmay, usta avgust oyining oxirida 7 ta sifatsiz eshikni olib kelib beradi. Fuqaro sifatsiz eshiklarni qaytarib, pulni talab qilsa ham, usta pulni berishni keskin tarzda rad etadi.
Fuqaroning murojaati asosida Qorao‘zak tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari aralashib, tadbirkorning noto‘g‘ri harakatiga chek qo‘yildi. Natijada fuqaroning 7 million so‘m puli o‘ziga qaytarib berildi.
Xorazm viloyati Yangiariq tumanida yashovchi Shavkat Sa’dullayevning Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi “I” savdo do‘konidan muddatli to‘lov asosida muzlatkich va suv kulerini olgan. Shartnoma bo‘yicha oylik to‘lov 1 million 366 ming 800 so‘m etib belgilangan. Biroq do‘kon xodimlari oylik to‘lovdan 1 million 387 ming 302 so‘m yechib olib, har bir to‘lovda fuqarodan 20 ming 502 so‘m ortiqcha olib yurgani ma’lum bo‘ldi.
To‘rtko‘l tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati bu masalaga aralashdi va natijada do‘kon xodimlari noqonuniy yechilgan pulni egasiga qaytardi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri