Huquqiy munosabat
Xarid qilayotgan mahsulotlarimizni sotib olayotganda ularga oid ba’zi qoidalarga rioya qilsak o‘z huquqimiz va salomatligimizni asragan bo‘lamiz. Xo‘sh, mahsulot sotib olishda u haqidagi qaysi ma’lumotlarni tekshirish lozim? Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Javohir Eshonqulov bu borada batafsil tushuntirish berdi.
– O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, “Ishlab chiqaruvchi iste’molchiga o‘zi realizatsiya qilayotgan tovarlar haqida o‘z vaqtida zarur, to‘g‘ri va tushunarli ma’lumot berishi shart. Bunda mazkur ma’lumot tovarlarning etiketkalarida, tamg‘alarida, texnik hujjatida yoki tovarlarning ayrim turlari uchun qabul qilingan boshqa usulda iste’molchilarga yetkazilishi mumkin.

Tovar haqidagi ma’lumotlar: tovarning nomi, tovar majburiy talablariga muvofiq kelishi shart bo‘lgan normativ hujjatning nomi, tovarning asosiy iste’mol xususiyatlari, o‘ziga xos xususiyatlari ro‘yxati, narxi va sotib olish shartlari, ishlab chiqaruvchining kafillik majburiyatlari, tovardan samarali va xavfsiz foydalanish qoidalari hamda shartlari, tovarning xizmat (yaroqlilik) muddati hamda ishlab chiqaruvchining to‘liq nomi va joylashgan joyi hisoblanadi.
Tovar to‘g‘risidagi ma’lumot iste’molchiga davlat tilida taqdim etiladi. Mazkur ma’lumot qo‘shimcha ravishda boshqa tillarda ham taqdim etilishi mumkin. Tovar haqidagi zarur axborotning yo‘qligi bunday tovarni realizatsiya qilish ma’lumot berilgunga qadar tegishli davlat boshqaruvi organining ko‘rsatmasi bo‘yicha to‘xtatib turilishiga sabab bo‘ladi.
– Mahsulot uchun pulni istalgan shaklda to‘lash mumkinmi?
– “Tovarlar uchun haq to‘lash shakli hamda tartibi iste’molchi bilan sotuvchi o‘rtasidagi kelishuvga binoan belgilanadi. Tovarlarni kreditga sotish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Tovarlar uchun haq to‘lash naqd pulli yoki naqd pulsiz shaklda amalga oshirilishi mumkin. Sotuvchining haq to‘lash shakliga qarab tovarning ayni bir markasi, shuningdek, bir xil hajmdagi va sifatdagi ishlar, xizmatlar uchun har xil narxlar belgilashi, ularni sun’iy ravishda oshirishi yoki pasaytirishi taqiqlanadi. Tovarlar uchun naqd pulsiz shaklda haq to‘langanda, iste’molchilarga rag‘batlantirishlar berilishi mumkin.
– Xarid cheki sotuvchi va xaridor o‘rtasida nima vazifani o‘taydi?
– Oldi-sotdi amalga oshirilganda iste’molchiga kassa yoki tovar cheki beriladi. Tovarni kassa yoki tovar chekini bermasdan sotish taqiqlanadi. Xarid cheki sotuvchi va xaridor o‘rtasida tuzilgan shartnomadir.
Shuningdek, iste’molchi o‘zi sotib olgan tovar (ish, xizmat) sanitariya-gigiyena, shu jumladan, radiologiya, epidemiyaga qarshi talablarga va amaldagi boshqa normalar hamda qoidalarga rioya etgan holda ishlab chiqarilgan yoki bajarilgan bo‘lishiga va uning hayoti, sog‘lig‘i, atrof-muhit uchun xavfsiz bo‘lishiga, shuningdek, uning mol-mulkiga zarar yetkazmasligiga kafolat berilishini talab qilish huquqiga ega.
Iste’molchilarning hayoti, sog‘lig‘i, mol-mulki hamda atrof-muhit uchun xavf tug‘diruvchi tovar ishlab chiqarganlik uchun qonunchilikka muvofiq, ishlab chiqaruvchi, normativ hujjatlarni tasdiqlagan organ, muvofiqlik sertifikati bergan organ, sog‘liqni saqlash, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, veterinariya xizmati organlari yoki xavfli tovarni ishlab chiqarish yoxud realizatsiya qilishga ruxsat bergan boshqa organlar javobgar bo‘ladi. Ishlab chiqaruvchi tovarning xizmat muddati yoki yaroqlilik muddati mobaynida, agar bunday muddat belgilanmagan bo‘lsa, tovar iste’molchiga sotilgandan e’tiboran o‘n yil mobaynida uning xavfsiz bo‘lishini ta’minlashi shart.
– Iste’molchi huquqlari buzilgan taqdirda qaysi tashkilotga murojaat qilishi lozim?
– Iste’molchilarning huquqlari davlat tomonidan himoya qilinishini davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, shuningdek, sudlar ta’minlaydi.
Sotuvchi bilan shartnomaviy munosabatlarda iste’molchi qonunchilikda nazarda tutilgan o‘z talablari qanoatlantirilishi uchun ustuvor huquqqa ega.
– Iste’molchilarning huquqlarini buzganlik uchun qanday javobgarlik bor?
– O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida” gi qonunga ko‘ra, ishlab chiqaruvchining mansabdor shaxslari, shuningdek yakka tartibdagi tadbirkorlar ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilishi shart ekanligi qonunchilikda belgilangan tovarlarni ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan holda realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilganlik, yaroqlilik muddati o‘tgan tovarlarni realizatsiya qilish va sotish uchun qabul qilganlik, iste’molchilarning huquqlari buzilishlarini bartaraf etish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalarni bajarishdan bo‘yin tovlaganlik, o‘z vaqtida yoki lozim darajada bajarmaganlik, shuningdek iste’molchilarga tovarlar to‘g‘risida axborot taqdim etmaganlik yoki bila turib noto‘g‘ri ma’lumotlar taqdim etganlik, tovarlarni majburiy sertifikatlashtirish qoidalarini buzganlik, normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovar tufayli iste’molchilarga zarar yetkazganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Ma’muriy jazo chorasi qo‘llangani ishlab chiqaruvchilar yo‘l qo‘yilgan qoidabuzarliklarni bartaraf qilish majburiyatidan ozod etmaydi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA