“Iste’molchi daftari” qanday yo‘nalishlarni qamrab oladi?
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining “Davlat + fuqarolik jamiyati institutlari + tadbirkorlik sub’ektlari” ta’moyili asosida fuqarolar murojaatlari bilan ishlashning mahallabay tizimini joriy etishga qaratilgan “Iste’molchilar markazi”ni tashkil etila boshlandi.
Ana shunday maskanlardan dastlabkisi. Buxoro viloyati, Buxoro tumani “Shergiron” mahallasida foydalanishga topshirildi.
Tadbirda Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi raisi Jahongir Sarimsoqov hamda Buxoro tumani hokimi Xayrulla Jo‘rayevning takidlashicha, respublika bo‘ylab tanlanma asosida ikkita mahalla hududida “Iste’molchilar markazi” tashkil etilishi nazarda tutilgan.
KUTILAYOTGAN NATIJA
“Iste’molchilar markazi”da aholi muammolarini tizimli o‘rganish va ularning aniq hal etilishida davlat boshqaruvi va xo‘jalik boshqaruvi organlari bilan ijtimoiy sheriklik asosida hamkorlikda ishlashning yangicha tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Fuqarolarning (savdo, gaz va elektr ta’minoti, suv ta’minoti, kommunal xo‘jaligi, ekologiya, qurilish, kadastr, bandlik, ijtimoiy xizmatlar, sog‘liqni saqlash, ta’lim, xizmat ko‘rsatish (servis) transport sohasiga, aloqa boshqa sohalar)dagi murojaatlari mahallabay ko‘rib chiqilishida huquqiy maslahatlar beriladi. Muammolar joyida hal etilishiga sharoit yaratiladi.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan har bir mahalla kesimida “Iste’molchi daftari” shakllantiriladi.

Iste’molchi daftari” — mahalladagi mavjud xonadonlar kesimida, aholi (iste’molchilar)ga uy-joy, kommunal xizmat, servis va xizmat ko‘rsatish, transport, aloqa va kommunikatsiya, savdo va umumiy ovqatlanish, tibbiy xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalarda muammolarni jamoatchilik nazorati tartibida o‘rganish va o‘rganishlar davomida aniqlangan kamchiliklarning joyida bartaraf etilishi bo‘yicha takliflar o‘rganildi.
YO‘NALISHLAR
Iste’molchi daftari” quyidagi yo‘nalishlarni qamrab oladi:
- mahallada har bir xonadon kesimida elektr energiyasiga ulanish holati, hududiy elektr tarmoqlari korxonalari bilan tuzilgan elektr ta’minoti shartnomasi shartlarining belgilangan tartibda bajarilish holatlarini monitoring qilish, tomonlarning huquq va majburiyatlariga tizimli ravishda amal qilish ustidan doimiy jamoatchilik nazoratini o‘rnatish orqali tartibga solinishini ta’minlash;
- har bir xonadon kesimi hamda ijtimoiy soha ob’ektlarining tabiiy gazga ulanganlik (suyultirilgan gaz baloni bilan ta’minlanganlik) holati, gaz ta’minoti tashkilotlari bilan tuzilgan gaz ta’minoti shartnomasi shartlarining belgilangan tartibda bajarilishi holatlarini monitoring qilish, tomonlarning huquq va majburiyatlariga tizimli ravishda amal qilish ustidan doimiy jamoatchilik nazoratini o‘rnatish orqali tartibga solinishini ta’minlash;
– xonadonning ichimlik suv bilan ta’minlanganlik holati, ichimlik suvi yetkazib beruvchi korxona bilan tuzilgan shartnoma hamda tomonlarning huquq va majburiyatlariga tizimli ravishda amal qilish ustidan doimiy jamoatchilik nazoratini o‘rnatish orqali tartibga solinishini ta’minlash;
- xonadonning chiqindi tashish xizmatidan foydalanishi, chiqindi tashish xizmatini ko‘rsatuvchi korxona bilan tuzilgan shartnoma hamda tomonlarning huquq va majburiyatlariga tizimli ravishda amal qilish ustidan doimiy jamoatchilik nazoratini o‘rnatish orqali tartibga solinishini ta’minlash;
- komunal to‘lovlarni amalga oshirishda to‘lov qobiliyatiga ega bo‘lmagan oilalarni aniqlash orqali homiylik mablag‘lari hisobidan qarzdorliklarni so‘ndirish choralarnii ko‘rish;
- oilada kasal, tibbiy xizmatdan foydalanishga muhtojligi bo‘lgan a’zolar, kasalligi bo‘yicha qo‘yilgan tashxis, davolanish muddati (har uch oyda, har olti oyda), dorilarga ehtiyoji va h.k.;
- mahalla hududida faoliyat yurituvchi jamoat transporti, ichki yo‘llar ahvoli;
- mahalla hududidagi savdo va xizmat ko‘rsatuvchi ob’ektlarining mavjudligi hamda faoliyatidan aholining qoniqish darajasi.
Loyiha doirasida 28 ta yangi ish o‘rinlari tashkil etiladi.
Loyihani amalda tatbiq etish orqali ko‘zlangan natijaga erishilsa, kelgusida respublikaning 9440 ta mahalla fuqarolar yig‘ini hududida “Huquqiy maslahat” markazlari tashkil etish orkali 18880 nafar ishchi o‘rinlari yaratish imkoni paydo bo‘ladi.
Abdulaziz RUSTAMOV, O‘zA