Iste’dodini dunyo tan olgan 15 yoshli Asadbek
Zamonamizning yosh qahramonlari
Yoshlar – mamlakat ertasi va jamiyat kelajagini belgilovchi kuchdir. Shu bois, Yangi O‘zbekistonni barpo etishda yoshlar siyosatiga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bunga javoban esa bugungi kun yoshlari har sohada o‘zini namoyon etayotir.
Bilimi, iste’dodi va salohiyati bilan turli sohalarda yurtimiz ravnaqiga, uning xalqaro obro‘-e’tiborini yuksaltirishga munosib hissa qo‘shayotgan yoshlarni chin ma’noda zamonamiz qahramonlari, deyish mumkin. Surxondaryolik Asadbek Ayubjonov ana shunday yosh iste’dodlardan.
Asadbek skripka va dirijyorlik bilan shug‘ullanadi. Ayni paytda V.Uspenskiy nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi o‘quvchisi. O‘zbekiston davlat konservatoriyasi professori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Vladimir Neymerdan san’at sirlarini puxta o‘rganib kelmoqda.
Germaniya elchixonasi vakillari ishtirokidagi katta konsertda sahnaga chiqqanida yosh qahramonimiz endigina 7 yoshga to‘lgan edi. Keyinroq Asadbek rossiyalik dirijyor, skripkachi Vladimir Spivakov e’tiboriga tushadi. 2015 yil, ya’ni 8 yoshida V.Spivakov taklifiga binoan “Moskva do‘stlarni chorlaydi” festivalining ochilish marosimida “Virtuozы Moskvы” orkestriga, shu yili Moskvadagi P.I.Chaykovskiy zalida “Dunyo yoshlari urushga qarshi” xayriya konsertida Rossiya mudofaa vazirligiga qarashli simfonik orkestriga, 2018-2019 yillarda Rossiyaning Volga bo‘yi shaharlarida o‘tgan “Open Fest” (“Musiqa chegara bilmas”) xalqaro musiqa festivalida 10 ga yaqin mamlakatlardan kelgan talabalardan tuzilgan simfonik orkestrga va Samara filarmoniyasi simfonik orkestriga dirijyorlik qildi. Shu bilan birga mamlakatimiz hamda Italiya, Gruziya, Turkiya kabi qator davlatlarda o‘tkazilayotgan xalqaro tanlovlarda yuqori natija ko‘rsatib kelmoqda. Yurtimiz maktab darsliklarida u haqida ma’lumotlar o‘rin olgan.
Joriy yilda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev qarori bilan Asadbek Ayubjonov Vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, Yangi O‘zbekistonni barpo etish va uning xalqaro nufuzini oshirishga munosib hissa qo‘shib kelayotgan, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, qat’iy hayotiy pozitsiya, keng dunyoqarash va yuqori salohiyatga ega, xalq manfaati va yurt istiqboli uchun mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga qodir bo‘lgan fidoyi va mard o‘g‘lonlar qatorida “Mard o‘g‘lon” davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Ushbu mukofot yosh Asadbekni yanada ulkan maqsadlar sari parvozga chorlashi, shubhasiz.
[gallery-3419]
Jonibek QO‘ZIMURODOV(surat), O‘zA