Issiqxonalar faoliyatini tashkil etishda qanday talablar mavjud?
AOKAda o‘tkazilgan brifingda Davlat ekologik ekspertizasi markazi axborot xizmati rahbari Shahzoda Akramova tomonidan taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, issiqxonalar faoliyatini tashkil etishda Davlat ekologik ekspertizasining xulosasini olish uchun buyurtmachilar tomonidan tegishli ruxsat etuvchi hujjatlar taqdim etilishi shart bo‘ladi.
Qonunchilikka asosan tabiiy gaz, ko‘mir va boshqa yonilg‘i turlari orqali isitish tizimiga ega bo‘lgan issiqxonalar atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning IV toifasiga mansub faoliyat turlari hisoblanib, davlat ekologik ekspertizasi ob’ekti sifatida davlat ekologik ekspertizasidan o‘tkazilishi majburiy hisoblanadi. Shaxsiy yordamchi xo‘jaliklardagi mavjud issiqxonalar bundan mustasno.
Issiqxonalar faoliyatini tashkil etishda Davlat ekologik ekspertizasining xulosasini olish uchun buyurtmachilar tomonidan ayrim ruxsat etuvchi hujjatlar taqdim etilishi lozim.

Shuningdek, issiqxonalar faoliyatida issiqxonalarda ekilgan ekinlarni sug‘orish va texnik zaruriyatlar uchun ichimlik suv tarmog‘idan foydalanish, issiqxona oqava suvlarini zarur me’yoriy talablar ko‘rsatkichlari darajasigacha tozalamasdan, zararsizlantirmasdan, kanalizatsiya tarmog‘i hamda ochiq suv havzalariga, irrigatsiya tarmoqlariga va yer relefga tashlash, rezina qoldiqlari va boshqa tarkibida zaharli bo‘lgan chiqindilar hamda yonilg‘i turlaridan yoqilg‘i sifatida foydalanish, samaradorligi 99,5 foizdan past bo‘lmagan chang va gazlarni tutib qoluvchi qurilmalar bilan jihozlamasdan issiqxona qozonlaridan foydalanish hamda ko‘mir va kulni saqlash binolari tashkil etmasdan ochiq holda saqlash qat’iyan man etiladi.
Issiqxonalar faoliyati uchun Davlat ekologik ekspertizasi xulosasida ayrim talablar belgilab qo‘yilgan.
Qattiq va suyuq yoqilg‘idan foydalanadigan issiqxonalarda samaradorligi 99,5 foizdan past bo‘lmagan chang va gazlarni tutib qoluvchi qurilmalarni o‘rnatish, suv tejovchi, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish, ekologik xavfsiz uskunalardan foydalanish, issiqxona faoliyati natijasida hosil bo‘lishi mumkin bo‘lgan issiqxona gazlarini va uglerod neytralligini kamaytirishga qaratilgan chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, faoliyat davomida hosil bo‘ladigan chiqindilarni saralash va ularni birinchi navbatda qayta ishlashga yoki utilizatsiyaga topshirish choralarini ko‘rish, kulni vaqtincha saqlash uchun yopiq omborlar tashkil etish va o‘z vaqtida utilizatsiyaga topshirish, hududining sanitariya holatini muntazam nazorat qilish, biriktirilgan hududni ozoda saqlash, o‘simlik dunyosiga zarar yetkazmaslik, daraxtlarning noqonuniy kesilishiga yo‘l qo‘ymaslik talab etiladi.
Bundan tashqari, “Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida daraxt va butalar ekish, korxonaning xavfsiz ishlashi bo‘yicha texnologik ko‘rsatmalar talablarini bajarish, xodimlar uchun xavfsiz sharoitlarni yaratib berish, xodimlar va aholiga zararli ta’sirining oldini olish bo‘yicha samarali choralarni ko‘rish, sanoat va yordamchi uskunalar, apparatura, kommunikatsiya va ventilyatsiya moslamlarini soz holda tutish, muntazam ravishda texnik xizmat ko‘rigidan o‘tkazish ishlarini doimiy ravishda amalga oshirish lozim. Faoliyatni amalga oshirishda yong‘inlar va avariyalar sodir bo‘lishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlarni ta’minlash, ishchi -xodimlarning yong‘in va texnika xavfsizligiga o‘z vaqtida rioya etilishiga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak bo‘ladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA