Issiqxona faoliyati ko‘zdan kechirildi
Tarkibida 18 korxonani birlashtirib, 2000 dan oshiq xodim mehnat qiladigan «Zarafshan Golden group» kompaniyasi ko‘p tarmoqli konsern bo‘lib, qurilish, trikotaj, mehmonxona, restoran, oxak zavodi, temir-beton zavodi, issiqxona va boshqa ishlab chiqarish ob’ektlarini o‘z ichiga oladi.
Millionlab dollarlik loyihalarni amalga oshirayotgan ushbu yirik tadbirkorlik sub’ektining faoliyati, bugungi kundagi ahvolini o‘rganish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi spikeri A. Haitov bir guruh mas’ullar bilan mazkur kompaniyada bo‘ldi.
Turkiyaning “Varnet Glasshouse Systems” kompaniyasi bilan hamkorlikda Gollandiya va Turkiya texnologiyalari asosida barpo etilgan gidroponika usulida mahsulot tayyorlashga mo‘ljallangan zamonaviy issiqxona majmuasida yetishtirilayotgan pomidor va bodringlarning eksportbopligi ko‘zdan kechirilib, mamlakatning ichki va tashqi bozori uchun iste’molga yaroqli ekanligi qayd etilgan bo‘lsa, kompaniyaning temir beton ishlab chiqarish zavodi ishchilari bilan bo‘lgan ochiq va samimiy suhbat jarayonida partiyaga yangi a’zolar jalb etildi.

– Biznesning halol, ochiq va vijdonan olib borilishini ta’minlayotgan kompaniyalarning ko‘lami xodimlar, hamkorlar, mijozlar va umumiy qilib aytganda , jamiyat oldidagi yuqori mas’uliyat bilan bog‘liq. Jumladan, million-million dollarlik innovatsion loyihalari birin-ketin amalga oshirayotgan «Zarafshan Golden group» kompaniyasiniki ham. Ana endi xuddi shu jabhada bunday yirik kompaniyalar faoliyati, ishlab chiqarish va investitsiya kiritishga oid muvaffaqiyatlari va muammolarini o‘rganish biz uchun ham katta mas’uliyat aslida.
Misol uchun «Navoiy» erkin iqtisodiy zonasi hududidan ikkita yirik loyihani amalga oshirish uchun shu kompaniyaga investitsiya majburiyatlarini bajarish shartlari bilan jami 5,5 gektar yer maydoni bino va inshootlari bilan «nol» qiymatda ajratib berilgan. Jami qiymati qariyb 12 mln.
AQSH dollari miqdoridagi ikkita yirik innovatsion loyihani amalga oshirish maqsadida Xitoy, Rossiya, Italiya, Ispaniya va Turkiya davlatlaridan eng zamonaviy texnologiyalarni olib kelinayotgani ham bugungi kunda tadbirkorlarga yaratib berilayotgan imkoniyatlar samarasidir, – dedi Oliy Majlis Qonunchilik Palatasi Spikeri A. Haitov.
O‘zLiDeP Navoiy viloyati Kengashi matbuot xizmati