“Issiqlik elektr stansiyalari” AJ xalqaro ISO sertifikatlarini qo‘lga kiritdi
Xalqaro audit yakunlariga ko‘ra, “Issiqlik elektr stansiyalari” AJ ISO 37001:2025 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi” hamda ISO 37301:2021 “Muvofiqlik menejmenti tizimi” xalqaro standartlari bo‘yicha sertifikatlarga sazovor bo‘ldi.
Bu kompaniyada komplayens va korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi boshqaruv tizimlari xalqaro talablar asosida yo‘lga qo‘yilganidan dalolat beradi.
Shu munosabat bilan mazkur tashkilotda xalqaro sertifikatlash organi “CERT International” tomonidan sertifikatlarni tantanali topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda kompaniya rahbariyati, Korrupsiyaga qarshi kurashish va komplayens boshqarmasi mas’ul xodimlari hamda tizim korxonalari rahbarlari ishtirok etdi.
Sertifikatlash jarayoni doirasida jamiyat va uning filiallarining mas’ul xodimlari ISO 37301:2021 “Muvofiqlik menejmenti tizimi” hamda ISO 37001:2025 “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejmenti tizimi” talablari bo‘yicha maxsus tayyorgarlik va malaka oshirish kurslarini tamomladi. Shundan so‘ng tashkilot markaziy apparati va filiallarida xalqaro audit o‘tkazildi. Uning yakunlari bo‘yicha jamiyat faoliyati mazkur standartlar talablariga muvofiq deb topildi.
Jamiyat axborot xizmatiga ko‘ra, uch yil muddatga beriladigan xalqaro sertifikatlar kompaniyada komplayens va korrupsiyaga qarshi kurashish tizimlari xalqaro talablar asosida yo‘lga qo‘yilganini anglatadi. Loyiha korporativ boshqaruv shaffofligini oshirish, qonunchilik talablariga muvofiqlikni ta’minlash hamda korrupsiya xavflarini kamaytirishga qaratilgan.
N.Ziyodullayeva,
O‘zA