Isroilning sulhga munosabati qanday?
Isroil Eron va AQSH o‘rtasida erishilgan sulh kelishuvidan norozi, deb xabar berdi CNN vaziyatdan xabardor manbaga tayanib.
Isroil Prezident Donald Trampdan o‘rnak olib, sulhga rioya qiladi, ammo bu qadamni mamlakat o‘z xohishi bilan tashlayotgani yo‘q. Zero, Tel-Aviv hamon harbiy yo‘l bilan erishmoqchi bo‘lgan maqsad va vazifalardan chekinmagan.
Ma’lumki, Oq uy Eron bilan ikki haftalik sulhga kelishilganini bildirdi. Ta’kidlanishicha, Qo‘shma Shtatlar Tehrondan muzokara uchun asos bo‘la oladigan 10 banddan iborat taklif olgan.
Keyinchalik Eron Oliy Milliy xavfsizlik kengashi urushda g‘alaba qozonganini aytib, AQSH mamlakatning taklifini qabul qilganiga urg‘u berdi. Islom Respublikasi Xavfsizlik kengashi Qo‘shma Shtatlar ilgari surilgan talablarga rozi ekanini da’vo qilmoqda. Kelishuvda Eron Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat huquqini saqlab qolishi, AQSH Tehronga tovon to‘lashi, amaldagi sanksiya bekor qilinishi, Islom Respublikasi uranni boyitishda davom etishi va Qo‘shma Shtatlar Yaqin Sharqdan qo‘shinini olib chiqishi singari shartlar bor.
Ikki tomonlama muzokara 10-aprel, juma kuni Pokistonning Islomobod shahrida boshlanadi. Tehron muloqot uchun ikki hafta vaqt ajratdi. Shu vaqt ichida sulh tuziladi. Xavfsizlik kengashi muzokara bilan urush tugamasligini ta’kidladi.
Avvalroq AQSH Prezidenti Tehrondan Hurmuz bo‘g‘ozi orqali transport qatnovini ochishni talab qilgan. Aks holda Eron ko‘priklari va elektr stansiyalariga zarba berilishi tahdidini ilgari surgan. O‘z navbatida, Islom Respublikasi amerikaliklar o‘z rejasini amalga oshirsa, qasos choralari ko‘rishga va’da berdi.
Bir kun oldin Pokiston Bosh vaziri Shahboz Sharif Trampdan AQSH – Eron kelishuvi muddatini ikki haftaga uzaytirishni so‘radi. Shuningdek, Tehronni xayrixohlik belgisi sifatida o‘sha davrda Hurmuz bo‘g‘ozini ochishga chaqirdi. Oq uy matbuot kotibi Kerolayn Levitt Amerika yetakchisi Pokiston taklifini ko‘rib chiqqanini bildirdi.
S.Rahimov, O‘zA