Isroil Suriyaga qarshi hujumni to‘xtatmayapti
Isroil kuchlari inqirozdan jabr ko‘rgan Suriyaga qarshi tajovuzni davom ettirib, yanada ko‘proq hududlarni qo‘lga kiritmoqda, deb yozgan "IRNA news".
Livanning "Al-Mayodin" axborot agentligi ishg‘olchilar Qunaytra gubernatorligi shimoli-sharqida joylashgan, strategik ahamiyatga ega Ayn-an-Nuriya qishlog‘iga kirganini ma’lum qildi. Bosqin davomida harbiylar sobiq armiyaning artilleriya va raketa bo‘linmalarini to‘pga tutgan. Shuningdek, ular Qunaytrani Damashq bilan bog‘lovchi muhim yo‘lni nazoratga olib, hududda harbiy qo‘riqlash tizimini kuchaytirgan. Bu mahalliy aholi orasida qo‘rquv paydo qilib, notinch vaziyatni yuzaga keltirdi.
Ma’lumki, Isroil o‘tgan yil noyabrda Prezident Bashar Asad hukumati qulagach, Suriyaning bir qismi, jumladan Golan tepaligi boshqaruvini qo‘lga olgan.