Isroil: Fuqarolar mamlakatni tark etishiga sabab faqat urushmi?
“Financial Times” nashri Isroildan ommaviy chiqib ketishni “yangi tark etish” deb atadi. Boshqa bir nashr – “National Interest” ta’kidlaganidek, bu holatning sababi uzoq davom etgan urush tufayli yuzaga kelgan charchoq bilan cheklanmaydi.
Asosiy omil sifatida 2023-yil 7-oktabrdagi hujumga olib kelgan muvaffaqiyatsizlik uchun siyosiy javobgarlik yo‘qligi ham keltirilgan. Qolaversa, harbiy yuk notekis taqsimlanishi tobora keskinlashmoqda. Aholining 14 foizidan ortig‘ini tashkil etuvchi ultra-pravoslav hamjamiyati asosan harbiy xizmatdan ozod qilingan.
Yana bir muammo – urushning o‘zgaruvchan tabiati. Odatda qisqa va shiddatli mojaroga tayangan Isroil bir vaqtning o‘zida bir necha frontda G‘azo sektori, Eron, Hizbulloh va xusiylarga qarshi uzoq davom etayotgan harbiy amaliyotga aralashib qoldi. Ayni holat zaxiradagilarga ayniqsa jiddiy yuk tushirmoqda.
– Isroilliklar asosan baxtli jangchilar, – deya ta’kidlaydi muallif va mamlakat dunyo baxt reytingida sakkizinchi o‘rinni egallaganini ta’kidlaydi. Uning fikricha, aholi chiqib ketishiga nafaqat urush oqibati, balki mamlakat siyosiy rahbariyati va ijtimoiy shartnomaga “ishonch barometri” sifatida ham qaralishi lozim. Bu tendensiyani qayta tiklash mumkin yo yo‘qligiga oktabrda bo‘lib o‘tadigan parlament saylovi oydinlik kiritadi.

2023-yil boshidan beri 268 930 kishi Isroilni kamida uch oyga tark etdi: o‘n yil avvalgi ko‘rsatkichdan uch barobar ko‘p. Bu raqam Tel-Aviv universiteti tomonidan Markaziy statistika byurosi ma’lumotiga asoslangan tadqiqotda keltirilgan.
Faqat 2025-yilning o‘zida 90 922 fuqaro mamlakatni tark etgan. Tadqiqot mualliflari hisob-kitobiga ko‘ra, ulardan 45 000-50 000 nafari kamida bir yil ketishi mumkin. Parlamentning Immigratsiya va absorbsiya qo‘mitasi raisi Gilad Kariv hozirgi vaziyatni “migratsiya to‘foni” deb atadi.
– Isroil migratsiya to‘foniga duch kelmoqda va hukumat hech narsa qilmayapti, – degan u. – Ketayotganlarning ko‘pchiligi shifokor, muhandis yoki olim. Bu mamlakat kelajagi uchun strategik tahdiddir.

Izlanuvchilar fikricha, malakali mutaxassislar ommaviy ravishda chiqib ketishi yuqori texnologiya sohasi, tibbiyot va akademik doiralarga jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Emigratsiyaning hozirgi ko‘lami hali mamlakat barqarorligiga bevosita tahdid solmasligi, qachonki tendensiya davom etsa, iqtisodiyot va xavfsizlik uchun xavf kuchayishi mumkinligi ta’kidlanmoqda.
S.Rahimov, O‘zA