Isroil Eronda amaliyot boshlashga tayyor
Isroil Eronda harbiy amaliyot o‘tkazishga to‘liq tayyor, deb xabar tarqatdi “CBS News” telekanali Amerikadagi manbalariga tayanib.
Ta’kidlanishicha, Vashington Eron qo‘shini Iroqdagi ayrim AQSH ob’ektlariga javob zarbasi berishiga ishonmoqda.
– Chorshanba kuni ba’zi amerikaliklarga mintaqani ertaroq tark etish maslahati berilganining sababi ham shu, – degan muxbir.
Masalan, “Associated Press” ikki amerikalik mansabdor shaxsga tayanib, Davlat departamenti mintaqadagi beqarorlik xavfi asnosida Bag‘doddagi elchixonadan zarur bo‘lmagan xodimlarni olib ketish to‘g‘risida buyruq chiqarishga tayyorlanayotganini yozdi.
Manbaga ko‘ra, elchixona allaqachon qisqartirilgan shtat asosida ishlamoqda. Bundan tashqari muhim bo‘lmagan xodimlar, ularning oila a’zolariga Bahrayn va Quvaytni ixtiyoriy ravishda tark etishga ruxsat berilishi kutilyapti.
Pentagon ham xodimlarni Bag‘doddan ko‘chirish qarori qo‘llab-quvvatlanishini tasdiqlagan.
Mudofaa vaziri Pit Xegset amerikalik harbiy xizmatchilar oila a’zolariga Markaziy qo‘mondonlik (CENTCOM)ka qarashli mas’uliyat hududidagi ob’ektlardan ixtiyoriy tarzda chiqib ketishiga ruxsat bergan. Zero, AQSH Isroilning Eron yadroviy inshootlariga zarba berishidan xavotirda, deb yozdi “Washington Post”. Nashr ayni payt xavfsizlik va favqulodda vaziyatga tayyorlik choralari ko‘rilayotganini qo‘shimcha qilgan.
So‘nggi xabarlarga ko‘ra, CYeNTCOM boshlig‘i Maykl Kurilla Yaqin Sharqdagi keskinlik tufayli Senatning Qurolli kuchlar qo‘mitasidagi nutqini keyinga qoldirgan. Bu haqda “Reyter” ikki amerikalik mulozimga tayanib xabar tarqatdi.
Isroil rasmiylari amaliyot boshlanishi ehtimoli bazasidan ma’lumot berishdan bosh tortgan.
Avvalroq “Washington Post” AQSH Isroil Prezident Donald Trampni ogohlantirmasdan Eronning yadroviy inshootlariga hujum qilishi mumkinligidan xavotirdaligini yozgan. Bunday harakat Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokara jarayoniga putur yetkazadi.
Eron va Qo‘shma Shtatlar O‘mon vositachiligida Islom Respublikasining yadroviy dasturi bo‘yicha besh marta bilvosita muzokara o‘tkazdi. 23 may kuni Rimda bo‘lib o‘tgan oxirgi muloqot yakunida Eron tashqi ishlar vaziri Abbos Arag‘chiy O‘mon taklif etgan mexanizmni e’lon qilib, bu hujjat muzokara muvaffaqiyati yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishini ta’kidlagan. Uning fikricha, bir-ikki bosqichda ijobiy natijaga erishish mumkin. Asosiy to‘siq uranni boyitish qobiliyati masalasi.
Avval ham aytilganidek, muzokarada Qo‘shma Shtatlar Eron yadro qurolini yaratish qobiliyatiga ega bo‘lmasligini ta’minlashga harakat qilmoqda. Ikkinchi tomon esa sanksiyani bekor qilishga intilmoqda.
“New York Times” nashrining so‘nggi axborotiga ko‘ra, Eron Isroil hujumiga munosib javob qaytarish rejasini ishlab chiqqan.
Gazeta yozishicha, Eron harbiylari va hukumat amaldorlari allaqachon Isroilning ehtimoliy zarbasiga javob choralarini muhokama qilgan. Tehron yuzlab ballistik raketa yordamida zudlik bilan qarshi hujum amalga oshirish nazarda tutilgan reja tayyorlab qo‘ygan.
S.Rahimov, O‘zA