Ispaniyaga Afrika jaziramasi yopirildi
VVS xabar berishicha, bu yil aprel oyi Ispaniyada odatdagidan o‘rtacha 10-15 daraja issiq bo‘ldi.
Mutaxassislar buni Afrikadan issiq havo oqimi yopirilgani, shundan keyin shamol bo‘lmay harorat haddan ortiq qizib ketgani bilan izohlamoqda. “Bu me’yoriy holat emas, havo harorati bu yil butunlay nazoratdan chiqib ketdi”, — degan Ispaniya meteo idorasi vakili Kaetano Torres Bi-bi-si xizmatiga bergan intervyusida.
Avval kuzatilmagan jazirama sharoitida Ispaniyada maktablar ish jadvallarini o‘zgartirishga to‘g‘ri kelmoqda, odamlar qizib ketgan relslar yonida uzoq vaqt kutib qolmasligi uchun Madridda metro poyezdlari tez-tez qatnaydigan bo‘ldi, jamoatchilik cho‘milish havzalari esa bu yil odatdagidan bir oy avval ochildi.
Meteorologlar Ispaniyada kuzatilayotgan issiq havoga bir qancha omillarni sabab qilib ko‘rsatmoqda.
Shimoliy Afrikada kuzatilayotgan issiq ob-havo otash to‘lqinini Yevropaga haydamoqda. Shu bilan birga, osmonda bulut yo‘qligi sabab, quyosh nuri yerlarni qizitib yuborgan va dalalarda nam qolmayapti.