Ispaniya bosh vaziri Trampga qarshi kuchlarni birlashtirmoqchi (+video)
Ispaniya bosh vaziri Pedro Sanches Barselona shahrida dunyo yetakchilarini jamlagan ikki kunlik forumni ochdi. Bu anjumanda asosan Trampning MAGA siyosatiga, ya’ni “AQSHni yanada buyuk qilaylik” harakatiga qarshi fikrdagi rahbarlar qatnashdi, deb xabar qildi Euronews.
Pedro Sanches xalqaro maydonda Trampga qarshi harakatga yetakchilik qilishga urinyapti, shu bilan birga u mamlakat ichida huquqiy muammolarga ham duch kelmoqda.
Ispaniya rahbari dunyoda reaksion to‘lqin kuchayib, nafrat, urush va bo‘linishlarni kuchaytiryapti, deb ogohlantirdi. U Donald Tramp nomini to‘g‘ridan-to‘g‘ri aytmagan bo‘lsa-da, tanqidlar aynan uning siyosatiga qaratilgan edi.
«Ular qancha baqirmasin yoki qancha yolg‘on tarqatmasin, o‘ta o‘ngchi reaksion kuchlarning davri tugayapti», — dedi Sanches.
Braziliya prezidenti Lula da Silva ham bu fikrlarni qo‘llab-quvvatlab, o‘zini vatanparvar deb atab, ammo mamlakat manfaatlarini sotuvga qo‘yayotganlarni tanqid qildi.
Anjumanda JAR prezidenti Siril Ramafosa, Kolumbiya prezidenti Gustavo Petro va Meksika prezidenti Klaudiya Sheynbaum ham ishtirok etdi. Ularning barchasi Tramp bilan tariflar va migratsiya masalalarida ziddiyatga kirgan.
Bu anjumanda Yevropadan ham bir qator davlat vakillari ishtirok etgan. Masalan, fransiyalik iqtisodchi Gabriel Sukman boylar uchun soliqni oshirish tarafdori sifatida nutq so‘zladi.
Ispaniya bosh vazirining ta’kidlashicha, bu konferensiya progressiv kuchlarni birlashtirishga qaratilgan. Qatnashchilar garchi Tramp nomini ochiq aytishmasa-da, uning tariflar, tashqi siyosat va urushlarga oid qarorlari keskin tanqid qilindi.
Minnesota gubernatori Tim Uolz ko‘plab qatnashchilar oldida Trampni kuch ishlatishga moyil va aniq rejasi yo‘q siyosatchi, deb baholadi.
Braziliya prezidenti Lula da Silva esa Ispaniyaning AQSH harbiylariga o‘z bazalaridan Eronga zarba berish uchun foydalanishga ruxsat bermagani uchun Sanchesni jasorat ko‘rsatdi, deb maqtadi.
Shu bilan birga, Ispaniya yetakchisini qanchalik jasoratli deb maqtashmasin, lekin mamlakati ichidagi vaziyat yaxshi emas. Uning rafiqasi Begoniya Gomesga korrupsiya ayblovlari qo‘yilgan va ikki yillik surishtiruvlardan so‘ng ish sudga oshirilgan. Lekin, ular barcha ayblovlarni rad etmoqda.
Qisqacha aytganda, Sanches xalqaro miqyosda o‘ziga siyosiy ittifoqchilar topishga harakat qilyapti, ammo ichki siyosiy va huquqiy bosimlar ham kuchayib bormoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/kBSC5oWDgtY" title="Ispaniya bosh vaziri Trampga qarshi kuchlarni birlashtirmoqchi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Kenja Bekjonov, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA