Inson hayotidagi eng birinchi va eng muhim ijtimoiy belgilaridan biri bu - uning ismi. Ism – shunchaki chaqirish vositasi emas, balki ma’naviy meros, tarixiy xotira, milliy ruh va shaxsiyatning bir bo‘lagi. Qadimdan ajdodlarimiz ism qo‘yishda o‘ziga xos urf-odat, an’ana va ramzlarni shakllantirgan. Bugungi kunda esa globallashuv, madaniyatlararo muloqot va ommaviy madaniyat ta’sirida ism tanlashda yangicha yondashuvlar paydo bo‘lmoqda. Shu bois, ism qo‘yish madaniyatini tahlil qilish – nafaqat tilshunoslik, balki tarix va madaniyatshunoslik nuqtai-nazaridan ham dolzarb.
O‘zbek xalqining ism qo‘yish madaniyati qadimiy turkiy, islomiy va mahalliy an’analar sintezi asosida shakllangan. Qadimgi turkiy davrda jasorat, kuch-qudrat va tabiat hodisalariga ishora qiluvchi ismlar: Alp, To‘lqin, Bo‘ron kabi ismlar qo‘yilgan.
Mahalliy-madaniy qatlam – ona yurt, milliy tabiat va qadriyatlar bilan bog‘liq Navbahor, Quvonch, Oltinoy, Oqilbek kabi ismlar ham vaqtida juda ommabop bo‘lgan. Din ta’siri orqali Muhammad, Oysha, Usmon, Fotima, Yusuf kabi ismlar ham juda ommalashdi.
Tarixan ism tanlashda bolaning jinsiy xususiyati, tug‘ilgan vaqti, bayramlar, fasllar, ota-onaning orzu-istaklari va oilaviy an’analar muhim rol o‘ynagan.

Ismlar ijtimoiy-madaniy kelib chiqishini bildirib turuvchi shaxsiyat identifikatsiyasi hisoblanadi. U orqali insonni jamiyat taniydi. Ammo ism qo‘yish jarayonida ba’zi oilalarda ushbu nazariyalarga mutlaq e’tibor bermayotgandek go‘yo. Tarixan, bu muammolar Behbudiy maqolalarida ham uchragan. Behbudiyning: Toshqul, Toshboy, Tursunqul kabi ismlarda ma’nosizlik cho‘qqisiga chiqqanini keltirib o‘tgan edi. Axir ism bir shaxsning butun umrlik nomi va unga aqlsizlik bilan yondashuv bir umrlik ruhiy tushkunlikka olib kelmasmikan?
So‘nggi yillarda ism qo‘yish madaniyatida ommaviy madaniyat ta’siri – filmlar, seriallar va mashhurlar ismlari sabab bo‘lmoqda. Globalizatsiya sababli inglizcha, ruscha, turkcha ohangli, xalqaro talaffuzga mos ismlar ham ko‘p uchraydi. Ba’zi oilalar esa milliy qadriyatlarga qaytib, Temur, Bobur, Jahongir, Umarshayx kabi insonlar nomlarini berish orqali buyuk tarixiy shaxslarga ergashmoqda.
Ushbu jarayonda ma’no-mazmunga e’tiborsizlikka yo‘l qo‘yiladigan holatlar ham uchramoqda. Ba’zi zamonaviy ismlar chiroyli eshitilsa-da, ma’nosi noma’lum yoki salbiy bo‘lishi ham mumkin.
Talaffuz va yozuvdagi noaniqlik esa – pasportdagi ism bilan o‘g‘zaki talaffuz farqlanishi orqali g‘alizlik keltirib chiqarishi mumkin.
Milliy o‘zlikdan uzoqlashish va haddan ziyod g‘arbcha yoki begona ismlar milliy an’analarning susayishiga olib kelishi ham mumkin.
Ism qo‘yish madaniyati – xalqning tarixiy xotirasi, ma’naviy olami va estetik qarashlarining ko‘zgusi. Bu jarayonda ota-onalarning mas’uliyati juda katta. Ular ism tanlashda ma’nosiga, milliy va diniy mosligiga, talaffuz qulayligiga e’tibor berishi kerak. Milliy an’ana va zamonaviylik uyg‘unlashgan holda, har bir ism o‘z egasiga faxr va ruhiy kuch baxsh etadigan meros bo‘lib qolishi lozim.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA