Madaniyatlararo va dinlararo totuvlikni targ‘ib qilish, sivilizatsiyalararo muloqotni rag‘batlantirish, shuningdek yoshlarni xalqimizning boy tarixi, madaniy merosi, an’analarini asrab-avaylash, ulamolarimiz ilmiy merosini o‘rganishga yo‘naltirish, ushbu sohadagi bilimlarini rivojlantirishga ko‘maklashish O‘zbekistonda SHHT Xalq diplomatiyasi markazi faoliyatidagi ustuvor maqsad va vazifalar qatorida belgilangan. Ayni shu maqsadda yoshlar ishtirokida muntazam ilmiy-amaliy konferensiyalar, davra suhbatlari, maqolalar tanlovlari o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023 yil 19 sentyabrda bo‘lib o‘tgan BMT Bosh Assambleyasi 78-sessiyasida diyorimiz jahon ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, islomni ilm-ma’rifat va tinchlik dini sifatida namoyon etgan Al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Imom Buxoriy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy singari ulug‘ allomalar vatani ekani, shunday buyuk olimlarning boy merosini o‘rganish, islomning asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida 2024 yil O‘zbekistonda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida xalqaro konferensiya o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan edi.
Mazkur tashabbus xalqaro hamjamiyat tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanib, xalqaro konferensiya joriy yil 15-16 oktabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida bo‘lib o‘tdi. Anjumanda ishtirok etgan olimlar tomonidan islom dinining tinchlikparvarlik va insoniylik mohiyatini ochib berishga qaratilgan ilmiy-ommabop adabiyotlarni nashr etish, ushbu asarlarni turli tillarga tarjima qilish hamda taqdimotlar o‘tkazish, islom dinining ijtimoiy barqarorlik, yoshlar ta’lim-tarbiyasi, ma’rifat va madaniyat, ilm-fan rivojidagi muhim o‘rnini ko‘rsatib berishga bag‘ishlangan kitob, risola, ilmiy maqolalar, xalqchil nashrlar, film va roliklar tayyorlash takliflari bildirildi.
O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkiloti Xalq diplomatiyasi markazi matbuot xizmati ma’lum qilishicha, Markaz ayni takliflarni qo‘llab-quvvatlagan holda “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti bilan hamkorlikda “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida maqolalar tanlovini tashkil qildi.
Bugun mazkur tanlov g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Markaz direktori Qobiljon Sobirov ishtirokchilarga minnatdorlik bildirib, tanlovdan ko‘zlangan asosiy maqsad yoshlarni ota-bobolarimiz ilmiy merosi va muqaddas dinimiz ta’limotini o‘rganish va tahlil qilishga chorlashdan iborat ekanligini yana bir bor ta’kidladi. Ushbu yo‘nalishda yoshlarni kelajakda yetuk mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganiga alohida to‘xtaldi.
Bilim yurti mudiri Ma’murjon Erkayev islom dini tinchlikparvarlik mohiyatini keng targ‘ib qilish, yoshlarni diniy bag‘rikenglik va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda yot radikal qarashlarga qarshi murosasizlik tuyg‘usini shakllantirish muhimligini aytib o‘tdi.
Yoshlarimiz tomonidan katta qiziqish bildirilgan mazkur tanlovga o‘zbek, rus va ingliz tillarida jami 70 ga yaqin ijodiy ish qabul qilindi. Hakamlar hay’ati va ekspertlar xulosasiga ko‘ra, 1-o‘rinni Rahmatulloh Abdumalikov, 2-o‘rinni Asadulloh Niyozaliyev, 3-o‘rinni Ulug‘bek Muhammadjonov egalladi. Qo‘shimcha nominatsiyalar bo‘yicha Muhammadamin Ismoilov “Eng namunali maqola”, Eldorbek Abdurasulov “Eng kreativ maqola” muallifi sifatida alohida sovrinni qo‘lga kiritishdi. Barcha g‘olib va sovrindorlar Markaz tomonidan diplom, esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Bunday tadbirlar yoshlarni sof diniy qadriyatlarga qiziqishini oshirib, ularning ma’naviy olamini boyitishga xizmat qilishi shubhasiz.
G‘.Xonnazarov, O‘zA