Islom sivilizatsiyasi markazida pardozlash ishlari davom etmoqda
FOTOREPORTAJ
Toshkent shahrida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi poydevoriga 2018 yil 15 iyun, Ramazon hayiti kuni Prezidentimiz tomonidan tamal toshi qo‘yilgan edi.
Mahobati, ham mohiyati jihatidan ulkan loyiha hisoblangan ushbu majmua qadimiy obidalarimiz shaklida barpo etildi. Bino markazida ulkan gumbaz, to‘rt tomonida simmetrik peshtoqlar qurilgan. bugungi kunda pardozlash ishlari olib borilmoqda.
Islom sivilizatsiyasi markazining birinchi qavatida muzey ombori, qadimiy qo‘lyozma va osori-atiqalarni saqlash hamda restavratsiya qilish xonalari, nashriyot va kitob do‘konlari joy oladi.
[gallery-6584]
Asosiy ko‘rgazma maydoni bo‘ladigan ikkinchi qavatda esa 9 ta bo‘limdan tashkil topadigan Islom tarixi muzeyi faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Binoning markazida, 65 metr balandlikdagi gumbaz ostida Islom olamining durdonasi hisoblangan Usmon mushafi qo‘yiladi. Bu zal atrofida yana 8 ta – “Islomdan avvalgi davrda Markaziy Osiyo”, “Islomning Markaziy Osiyoga yoyilishi”, “Ta’lim”, “Ilm-fan”, “Me’morchilik va shaharsozlik”, “San’at va badiiy hunarmandchilik”, “An’analar” hamda “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” bo‘limlari joylashadi.
Shuningdek, bu qavatda 550 kishiga mo‘ljallangan konferensiya zaliga ham o‘rin ajratilgan.
Uchinchi qavatda kutubxona, Islom akademiyasi ilmiy kafedralari va ma’muriy xonalar tashkil etiladi.
A’lo ABDULLAEV(surat),O‘zA