Islom Karimovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashuvi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 26-fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 26-fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi saylovchilari bilan uchrashdi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 1-Qoraqalpog‘iston okrug saylov komissiyasi raisi K.Karimov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dasturda keng ko‘lamli iqtisodiy-ijtimoiy islohotlarni izchil davom ettirish, rivojlangan demokratik davlatlar qatoridan munosib o‘rin olish, aholi farovonligi va hayot darajasini yanada oshirishga doir strategik maqsadlar o‘z ifodasini topgan. Jumladan, sanoatni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobidan iqtisodiyotning raqobatbardoshligini oshirish, ishbilarmonlik va tadbirkorlik uchun yanada keng yo‘l ochib berish, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini qayta ko‘rib chiqish, yerlarning unumdorligini oshirish va ekin maydonlarini optimallashtirish, fermerlik harakatini yangi bosqichga ko‘tarish, mahalliylashtirish dasturlarini izchil davom ettirish, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash va eksport hajmini ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash va turmush farovonligini oshirish kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Mamlakatimizning iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyoti Qoraqalpog‘iston Respublikasi rivojida ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Yangi zavod va korxonalar, infratuzilma obyektlari, zamonaviy uy-joylar barpo etilmoqda. Nukus shahrida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, Qoraqalpog‘iston Respublikasi shahar va qishloqlari qiyofasi butunlay o‘zgarib borayotir.
Mahalliylashtirish va investitsiya dasturlari doirasida ko‘plab istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Qo‘ng‘irot soda zavodi, “Oriyent texnoloji”, “Vayt mashin texnoloji” qo‘shma korxonalari, qurilish materiallari ishlab chiqarish va to‘qimachilik majmualari mamlakatimiz iqtisodiyotida muhim o‘rin tutmoqda. Dunyodagi eng yirik loyihalardan biri – Ustyurt gaz-kimyo majmuasi qurilishi jadal olib borilmoqda.
Uchrashuvda Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Nuroniy” jamg‘armasi raisi Sh.Usnatdinov, “Qoraqalpog‘iston tongi” gazetasi bosh muharriri G.Annaqlicheva, Qoraqalpog‘iston Respublikasi bolalar va o‘smirlar sport maktabi direktori, sambo bo‘yicha ikki karra jahon chempioni A.Turdanov, O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti Nukus filiali o‘qituvchisi G.Aximbetova va boshqalar tinchlik va barqarorlik samarasida mamlakatimiz har tomonlama rivojlanib, xalqimizning dunyoqarashi va turmush tarzi izchil yuksalib borayotganini qayd etdi. Prezident sayloviga tayyorgarlik, uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik talablarga to‘la mos ravishda o‘tayotganini ta’kidladi. Saylovchilarni 29-mart kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.