Islom Karimov xotirasi barhayot
Bugun Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasi kuni munosabati bilan marosim o‘tkazildi.
Viloyat hokimi A.Boboyev va viloyat faollari Hazrati Xizr majmuasiga tashrif buyurib, Islom Karimov maqbarasini ziyorat qildi. Qur’on oyatlari tilovat etilib, duo o‘qildi.
Islom Karimov O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilib, davlat boshqaruvini yangidan qurgan, tariximizning murakkab va og‘ir davrlarida barqarorlikni saqlab, xalqimiz manfaatlarini ta’minlagan buyuk shaxs. Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Birinchi Prezidentimiz xotirasi abadiylashtirilib, Islom Karimov tug‘ilgan kun va vafot etgan sana har yili yod etiladi. Turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkaziladi. Yurtimizdagi markaziy ko‘chalar, yirik inshootlarga Islom Karimov nomi berilgan. Toshkentda Islom Karimov nomidagi ilmiy-ma’rifiy yodgorlik majmuasi tashkil qilindi, Samarqandda maqbara barpo etildi, poytaxtimiz va yirik shaharlarda uning haykallari o‘rnatildi.
[photobank-31217]
Marosim qatnashchilari Samarqand shahridagi Islom Karimov haykali poyiga gullar qo‘ydilar. Birinchi Prezidentimizning mustaqil O‘zbekiston taraqqiyoti yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi.
G‘.Hasanov, A. Isroilov (surat),
O‘zA muxbirlari