Islohotlar yo‘li bardavom, ortga yo‘l yo‘q!
Oliy Majlis Senatining yangi binosida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining lavozimga kirishishiga bag‘ishlangan tantanali marosim mamlakatimizda demokratik islohotlar yo‘li qat’iy davom etishini, bu yo‘ldan hech qachon ortga qaytilmasligini yana bir bor tasdiqladi.
Biz davlatimiz rahbaridan xuddi shu qat’iyatni, jamiyatimiz uchun nihoyatda dolzarb hisoblangan xuddi shu siyosatni kutdik. Shu bois ham qasamyod marosimi va undagi tarixiy nutq xalqimiz tomonidan mamnuniyat bilan qarshi olindi.
Nainki mamlakatimizda, balki xalqaro doiralarda haqli ta’kidlanayotganidek, biz o‘zgardik, jamiyat o‘zgardi. O‘zgarganda ham mohiyatan tub yangilanishlar bilan qaddi tiklanayotgan Yangi O‘zbekiston fenomeniga guvoh bo‘lib turibmiz. O‘tgan besh yildagi islohiy sa’y-harakatlar natijalarini o‘z ko‘zlarimiz bilan ko‘rmoqdamiz. Demokratik yangilanishlar ijtimoiy hayotimizni mazmunan boyitdi. Ochiqlik, shaffoflik me’yor darajasiga chiqdi. Yillar davomida jamiyat rivojiga tushov bo‘lib to‘planib qolgan, hal etish mumkin emasday tuyulgan naqd pul, “propiska”, korrupsiya, so‘z va e’tiqod erkinligi kabi masalalar dadil ko‘tarildi va ularga konstruktiv yechimlar qilindiki, bu o‘zgarishlarni xalqimiz mo‘’jizaday kutib oldi. Agar o‘tgan besh yilni kunma-kun tahlil qilinsayam, biror kun beiz va besamar ketmaganiga guvoh bo‘ladi, odam.
Nazarimda, davlat rahbari sifatida Shavkat Mirziyoyev jamiyat a’zolariga kuchli rag‘bat bera oldi, har bir insonda bor salohiyatni namoyon etishga ishtiyoqni uyg‘otdi, shaxsiy ibrati va kundalik amaliy faoliyati bilan har birimizda yurtga, Vatanga mehr va sadoqatni amalda baxsh etishga unday oldi.
Prezidentimiz davlat rahbari sifatida ish boshlagan dastlabki kunlardan O‘zbekiston tashqi siyosatida butunlay yangi sahifalar ochildi. Rahbarimiz diplomatiyaning rasmiy qoliplariga emas, tarixiy haqiqatga, qadriyat darajasiga ko‘tarilgan o‘zbekona ochiq chehralik, samimiyatga asoslangan, konstruktiv sheriklikka qaratilgan munosabatlarni qaror topdirdi.
Haligacha ko‘z o‘ngimizda, 2016 yildayoq davlat rahbarimiz mintaqada yuzaga kelgan vaziyatni yumshatishga qat’iy iroda bilan kirishdi. O‘tgan qisqa davrda Markaziy Osiyoda o‘zaro birodarlik va hurmat, samimiy qo‘shnichilik munosabatlariga asoslangan strategik sheriklik tamoyillari qaror topdi va hozir yuzaga kelgan munosabatlardan hamma barobar manfaat ko‘rmoqda.
Prezidentimiz qasamyod marosimidagi nutqida “Inson qadri uchun” tamoyiliga alohida to‘xtaldi. Bu bejiz emas. Zero, Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida insonning sha’ni munosib darajaga ko‘tarilishi, unga yetarli turmush, mehnat, ilm olish sharoitlari yaratish, huquq va erkinliklarini ta’minlash ustuvor ahamiyat kasb etishi belgilanmoqda. Binobarin, bu yorug‘ dunyoda har qanday ezgu amal va faoliyat inson uchun, uning baxt-saodatiga yo‘nalgan bo‘ladi. Shu ma’noda bugun mamlakatimizda boshlangan va izchil davom etayotgan islohotlar faqat va faqat inson manfaatlariga, qadr-qimmatini, izzat-ikromini joyiga qo‘yishga qaratilgani bilan alohida e’tiborga molikdir.
Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini amalga oshirish “inson – jamiyat – davlat”, degan yangi tamoyil asosida tashkil etilishi munosabati bilan yettita ustuvor vazifa belgilab berildi. Inson qadr-qimmatini ta’minlashning eng asosiy va zarur shartlari mujassam bo‘lgan ustuvor yo‘nalishlar orqali xalqparvar davlat barpo etish, inson qadr-qimmati va uning qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarimiz yangi pog‘onada qizg‘in davom ettirilishi ko‘zda tutilmoqda.
Adolat va qonun ustuvor bo‘lgan xalqchil davlat qurish, milliy iqtisodiyotni zamon talablari darajasida rivojlantirish, inson kapitalini rivojlantirish uchun sifatli ta’lim-tarbiyaga e’tibor qaratish kabi islohiy yo‘nalishlar orqali katta maqsadlarga yetish ko‘zlanmoqda. Jumladan, mamlakatimizning yangi taraqqiyot yo‘lida jamiyatimiz a’zolarining teng yarmini tashkil etuvchi xotin-qizlar, muhtarama ayollarimizga e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish masalasiga alohida urg‘u berildi.
Ma’lumki, o‘tgan qisqa davrda bu masala davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Bu borada qonunchilik bazasi mustahkamlanmoqda. Xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, davlat va jamiyat boshqaruvidagi o‘rni va nufuzini yanada oshirish uchun mamlakatimizda amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar muayyan natijalarni bermoqda. Ayni vaqtda oldimizda hali hal etilishi kerak bo‘lgan, jamiyatimizda ayolning, onalarning izzat-hurmatini joyiga qo‘yish, muammolarini bartaraf etish, qizlarimizning salohiyatini namoyon etishlari uchun sharoitlarni kengaytirish, gender tenglik, oila, onalik va bolalikni himoya qilish borasidagi ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishdek sharafli vazifa turibdi. Prezidentimiz ana shu maqsadni ko‘zlab mamlakatimizda Milliy dastur qabul qilinishini e’lon qildi.
Darhaqiqat, bu juda oliyjanob ezgu maqsad va Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining muhim jihati hisoblanadi. Chunki millionlab oilalarning oqila bekalari hisoblangan ayollarimizga, jamiyatimiz ma’naviyati va ma’rifati uchun fidoyi onalarimizga, aqlli, zukko, ilm-fanda bor salohiyatini namoyon etishga qodir qizlarimizga yuksalish, yangi imkonlar eshigini ochadi, ularning qadr-qimmatini oshiradi, ijtimoiy daxldorlik kuchayishiga xizmat qiladi. Ayniqsa, dasturni milliy an’analarimiz, tarixiy ma’rifatimiz, boqiy qadriyatlarimiz asosida ishlab chiqilishi va amalga oshirilishi jamiyat rivojiga, xalqimiz hamjihatligiga xizmat qiladi.
Mahmudjon PARPIEV,
Oliy Majlis Senatining
Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari