Islohotlar samarasi olis hududlarda ham sezilmoqda
Tashrifdan tashrifgacha
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumani tog‘li va qir-adirliklarda joylashgan. Hudud aholisining asosiy daromadi chorvachilikdan. Tog‘li hududlarida esa qisman bog‘dorchilik rivojlangan. Ushbu ishlar bilan asosan erkaklar mashg‘ul bo‘lgani bois, tumanda xotin-qizlar orasida ishsizlik darajasi yuqori. Shu bois tuman rahbariyatining asosiy e’tibori ayollar bandligini ta’minlashga qaratilgan.
Davlatimiz rahbarining joriy yil boshida Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida faoliyatiga start berilgan tumandagi ilk tekstil korxonasi ham mana shu urinishlarning mahsulidir.
“Dehqonobod tekstil” korxonasi 2023 yilda tumanda amaliyotga tatbiq etilgan eng yirik loyihalardan biri sanaladi. Mazkur korxonada Turkiya texnologiyasi asosida yiliga qariyb 1,5 million dona erkaklar, ayollar va bolalar kiyim-kechaklari tayyorlanadi. Bu faoliyat ortidan esa hududdagi 500 nafar xotin-qizning doimiy ish bilan ta’minlanishi ko‘zda tutilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu korxona “Zarafshon tekstil” korxonasi negizida barpo etilgan bo‘lib, “Zarafshon tekstil” korxonasi mamlakatimizdagi eng yirik tekstil korxonalaridan biridir. Shu vaqtga qadar ushbu korxona 10 ta hududda o‘z filialini ishga tushirgan. “Dehqonobod tekstil” korxonasi esa bu borada o‘n ikkinchisi bo‘ldi.
Turkiyalik mutaxassisning qo‘shimcha qilishicha, ayni vaqtda korxonada oyiga 170 ming donaga yaqin ayollar va erkaklar futbolkalari tayyorlanmoqda. Ularning asosiy qismi Yevropa davlatlariga eksport qilinayotgan bo‘lsa, qolgani ichki bozorga yo‘naltirilyapti. Bu faoliyat ortidan esa 375 nafar kishining doimiy ish bilan bandligi ta’minlangan.
– Mahsulotlarimiz hozircha 6 ta Yevropa davlatiga eksport qilinmoqda, – deydi “Dehqonobod tekstil” korxonasi bosh texnologi Nejme Degermani. – Mahsulotning 80 foizdan ortiq qismi eksportga jo‘natiladi. Kelgusida faoliyatni yanada kengaytirib, ish o‘rinlarini ko‘paytirish reja qilingan. Shu maqsadda yana 175 nafar chevar uchun tikuv mashinalarini olib kelib o‘rnatdik. Ishchilarni qabul qilyapmiz. Ularni bir necha oy shu yerning o‘zida o‘qitib, tayyorlab olamiz. Maqsad – sifatli mahsulot ishlab chiqarish.
[gallery-14177]
Davlatimiz rahbarining 2022 yil 21-22 aprel kunlari Qashqadaryo viloyatiga tashrifi chog‘ida Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga qo‘mitaning byudjetdan tashqari veterinariya xizmati va chorvachilikni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan homiylik asosida Qashqadaryo viloyati Qamashi tumani “Berdoli” MFY hududida 330 o‘rinli maktab, 100 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti, mahalla guzari, kutubxona, sport maydonchasi qurish va jihozlash topshirig‘i berilgan edi.
Mazkur topshiriq ijrosi doirasida joriy yilda Berdoli mahallasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy maktab va bog‘cha, mahalla guzari qurib bitkazildi. Ichki yo‘llarga asfalt yotqizildi.
Qariyb 13 milliard so‘mga yaqin mablag‘ evaziga barpo etilgan maktabda o‘quvchilarning sifatli ta’lim olishi uchun barcha qulaylik yaratilgan. Xususan, keng va yorug‘ sinfxonalar, sport zali, zamonaviy oshxona, majlislar zali, stadion, voleybol va boshqa sport o‘yingohlari o‘quvchilar ixtiyoriga topshirildi.
– Mana shunday keng va yorug‘, zamonaviy maktabda sifatli ta’lim olish bizning orzuimiz edi, – deydi 11-sinf o‘quvchisi Munisa Boqiyeva. – Yurtboshimizning kelajak avlodni o‘ylab, barcha shart-sharoitni yaratib berayotganidan bag‘oyatda minnatdormiz. Albatta, biz yoshlar ham yaratilgan bu imkoniyatlarga munosib javob berib, kelgusida yetuk kadr bo‘lib yetishishga, jamiyatimizning qaysi bo‘g‘inida bo‘lmaylik, yurtimiz taraqqiyotiga astoydil hissa qo‘shishga va’da beramiz.
Hududdagi bolajonlar yillar davomida maktabgacha ta’limni olishda muammolarga duch kelayotgan edi. Endilikda ularning bu orzulari ham ushaldi.
10 milliard so‘mga yaqin mablag‘ evaziga qurilgan 30-sonli 120 o‘rinli davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti berdolilik bolajonlarning sifatli ta’lim-tarbiya olishiga xizmat qiladi.
– Prezidentimizning bergan topshiriqlariga binoan Qamashi tumani Berdoli mahallasida 330 o‘rinli maktab, 120 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti hamda mahallaga yangi bino qurib berildi, – deydi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Shuhrat Jabborov. – Mana bugun uchala yangi ob’ekt ham to‘liq jihozlangan holda mahalla aholisiga topshirildi. Bundan tashqari, mana shu qurilgan ob’ektlarga olib keladigan mahalladagi ichki yo‘llarga asfalt yotqizish ishlari ham bajarildi. Albatta, mana shunday chekka hududlarda bunday zamonaviy muassasalarni qurish davlatimiz rahbarining ta’lim va boshqa sohalarda olib borayotgan islohotlarining mevasi, deb o‘ylayman. Umid qilamizki, ushbu ta’lim muassasalaridan iqtidorli, yetuk, yurtimiz ravnaqiga hissa qo‘shadigan o‘g‘il-qizlar yetishib chiqadi.
Yangi mahalla guzari qishloq aholisining ko‘p yillik orzularining ro‘yobiga aylandi. Guzarda zamonaviy kutubxona, IT markazi, “Go‘zallik saloni” mavjud. MFY raisi, xotin-qizlar faoli, hokim yordamchisi va uchastka inspektorlari uchun alohida-alohida xonalar ajratib berilgan bo‘lib, to‘liq zamonaviy jihozlar bilan ta’minlangan. Ushbu maqsadlarga 3 milliard so‘mga yaqin mablag‘ yo‘naltirildi.
– Mahallamizda bo‘layotgan bunyodkorlik, obodonchilik ishlari nafaqat yoshlarda, balki biz keksalarda ham faxr tuyg‘usini uyg‘otmoqda, – deydi Ashurqul bobo Abrayev. – Nabiralarim 5 kilometrdan ziyod masofani piyoda bosib o‘tib, qo‘shni qishloqdagi maktabga qatnardi. Yog‘in-sochinli kunlarda ko‘chalar loy, chang-to‘zon. Mahallamiz idorasi ham eski pastqam binoda joylashgan edi. Mana ko‘ringki, qisqa fursatda mahallamizni tanimay qoldik. Ravon yo‘llar, zamonaviy maktab va bog‘cha, obod va shinam mahalla guzari – barcha-barchasi hayratlanarli. Yurtimizda olib borilayotgan islohotlar aholimizni mamnun qilmoqda, xursandchiligimiz cheksiz. Biz keksalarning qo‘llari doim duoda. Yurtimizning tinchligiga, hurligiga va taraqqiyotiga ko‘z tegmasin.
Savob ishni qilsang, oxirigacha qil deganlaridek, homiylar ushbu yangi qurilgan binolarga kelib-ketuvchilarga qulaylik bo‘lishi uchun mahalladagi 33 kilometr ichki yo‘llarni ham ta’mirlab, asfalt yotqizib berishibdi.
Bugun bu kabi bunyodkorlik ishlari yurtimizning har bir go‘shasida amalga oshirilmoqda. Bu mamlakatimizda inson manfaatlarini ko‘zlab olib borilayotgan oqilona siyosatning samarasidir.
Davlat xizmatlari markazining ochilishi ko‘kdalaliklar uchun muhim voqea bo‘ldi. Endilikda ushbu markaz orqali fuqarolar 250 dan ortiq davlat xizmatidan foydalanadi.
180 ming nafardan ortiq aholiga xizmat ko‘rsatadigan Ko‘kdala tuman davlat xizmatlari markazi barcha sharoitlarga ega.
Xususan, markazda 12 ta davlat xizmati ko‘rsatish uchun qabul oynasidan tashqari, elektron navbat kutish manzili, 4 ta monitor, to‘lov amalga oshirish uchun kassa, bolalar maydonchasi, kitob javoni, majlislar xonasi mijozlar xizmatida. Shuningdek, adliya xizmati ko‘rsatish uchun alohida hudud va arxiv ma’lumotlari saqlash xonalari mavjud. Mijozlarga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish maqsadida markazga tashrif buyuruvchilarning farzandlari uchun ajoyib bolalar maydonchasi tashkil qilingan.
Bu barcha tashrif buyuruvchilarning kelib chiqishi yoki sharoitlaridan qat’iy nazar, kerakli xizmatlardan bir xil darajada foydalanish imkonini beradi. Shuningdek, markazda imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun qulay sharoitlar yaratilgan. Qariyb 6,5 milliard so‘mga yaqin mablag‘ evaziga barpo etilgan mazkur bino ikki qavatdan iborat bo‘lib, zamonaviylik va milliylik uyg‘unlashgan holda qurilgan.
Ko‘kdala tumani adliya bo‘limi davlat xizmatlari markazining qurilish ishlari yakunlangandan so‘ng, tuman davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan Ko‘kdala ahliga birinchi kundan davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yo‘lga qo‘yildi.
Markaz binosida fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatish uchun 12 ta davlat xizmatlari markazi operatorlari tashkil etilgan. Fuqarolar to‘lovlarni amalga oshirishlari uchun paynet shoxobchasi ham faoliyat ko‘rsatmoqda. Markaz fuqarolarning navbat asosida davlat xizmatlaridan foydalanishi uchun avtomatik elektron navbat jihozlari bilan ta’minlangan. Shuningdek, markazga tashrif buyuruvchilarning navbat kutish davrida vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida 4 ta tele-monitorlar o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu monitorlarda klassik musiqalar, qonunchilikdagi yangiliklar hamda shartnoma asosida tadbirkorlarning faoliyati haqida reklama roliklari namoyish etilmoqda.
Tuman aholisiga yana bir qulaylik yaratish hamda davlat xizmatlaridan foydalanish bilan bir qatorda ushbu markaz binosida adliya bo‘limi, yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, fuqarolik holati dalolatnomalari yozish bo‘limlari hamda notarius faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bu bilan fuqarolarning huquqiy masalalardagi mavjud muammolarini bir binoning o‘zida hal etishga zamin yaratildi. Shu kuni yangi tumanda yana ko‘plab ijtimoiy soha ob’ektlari tantanali ravishda ochildi va faoliyat boshladi. Xususan, 5 mingdan ziyod kitob fondi va barcha qulaylikka ega zamonaviy kutubxona, tuman soliq idorasi, kadastr binosi, muhtasham sport saroyi faoliyat boshladi.
Kun sayin chiroy ochib borayotgan Ko‘kdala tumani ahli hududda amalga oshirilayotgan bu kabi bunyodkorlik ishlaridan mamnun.
– Haqiqatdan tumanimizga bir yil avval kelgan kishi bugungi qiyofasini tanimaydi. Boisi o‘tgan bir yil ichida katta o‘zgarishlar yuz berdi, – deydi faxriy Jumaqul Bekmirzayev. – Ko‘kdalaning bu ko‘rinishini tasavvur ham qilib bo‘lmasdi. Prezidentimiz Ko‘kdala tumanini tashkil qilib bergandan keyin o‘zgarish shunchalik ko‘p bo‘ldiki, hayron qolasiz. Qurilayotgan imoratlarni qarang, obod yo‘llarni qarang, ma’muriy binolar, yangi maktab va bog‘chalarni qarang, barcha-barchasi ajoyib. Hammasi aholining manfaatini o‘ylab amalga oshirilmoqda. Ilgari birgina davlat xizmatlaridan foydalanish uchun ham 80-90 kilometr masofa bosardik. Bugun esa barcha xizmatlar shundoqqina oldimizda.
Qashqadaryo viloyati Ko‘kdala tumani soliq inspeksiyasi binosi bir yil ichida “Renessans proyekt” MCHJ tomonidan zamonaviy ko‘rinishda qurib bitkazildi.
Jami 5,1 milliard so‘m mablag‘ evaziga qurib foydalanishga topshirilgan binoda soliq to‘lovchilar uchun barcha sharoit yaratilgan. Ularga soliq inspeksiyasining 30 nafar malakali xodimi xizmat ko‘rsatadi.
– So‘nggi yillarda soliq idoralari tadbirkorga ko‘makchi tamoyili asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularning faoliyatiga maslahatchi sifatida yordam berib kelmoqda, – deydi Ko‘kdala tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i Faxriddin Muhammadiyev. – Yangi binoda soliqchilarning samarali ishlashi uchun barcha sharoit yaratilgan.
Ko‘kdala tumanida barpo etilayotgan ma’muriy bino va inshootlar hudud chiroyiga chiroy qo‘shmoqda.
Jumladan, Davlat kadastrlari palatasining Ko‘kdala tumani filiali zamonaviy binoda faoliyat boshlagani ham tuman ahli uchun quvonarli voqea bo‘ldi.
Ta’kidlash lozimki, zamonaviy loyihalar asosida bunyod etilgan mazkur bino 2 qavatdan iborat bo‘lib, jami 15 ta xona, shundan 1 ta majlislar zali, 1 ta arxiv xonasi va 1 ta fuqarolarni qabul qilish xonasi mavjud va ularning barchasi zamonaviy mebellar bilan jihozlangan.
Ma’lumot uchun: Davlat kadastrlari palatasining Ko‘kdala tumani filiali 180 ming nafardan ortiq tuman aholisiga xizmat ko‘rsatadi.
O‘tgan yillar davomida viloyatning Yakkabog‘, Qarshi va Shahrisabz shaharlari, Shahrisabz tumani va Kasbi tumanida zamonaviy kadastr binolari qad rostladi.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari