Islohotlar samarasi aholi hayotidagi özgarişlarda körinadi
Yangiyöl şahrida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlaniş körsatkiçlari, kuz-qiş mavsumiga tayyorgarlik, mahallalardagi mavjud holat hamda aholini qiynayotgan muammolar muhokamasiga bağişlangan yiğiliş bölib ötdi.
Unda viloyat va şahar boşqarma hamda taşkilotlari rahbarlari, faollar, deputatlar va mahalla yettiligi vakillari iştirok etdi. Toşkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev kun tartibidagi masalalar yuzasidan tahliliy-tanqidiy maʼruza qildi.
Taʼkidlanganidek, şaharda ayrim iqtisodiy körsatkiçlar böyiça ösişga erişilgan bölsa-da, mavjud salohiyatdan töliq foydalaniş, kiçik biznesni rivojlantiriş, eksport hajmini oşiriş, aholi bandligini taʼminlaş va infratuzilmani yaxşilaş borasida qator kamçiliklar saqlanib qolmoqda.

Jumladan, 2026-yilning yanvar–sentabr oylarida şaharda sanoat mahsulotlari işlab çiqariş hajmi 1,2 trillion sömni taşkil etib, ösiş surʼati 108,4 foizga yetgan. Xizmatlar sohasida esa 2,1 trillion sömlik hajm qayd etilib, ösiş 119 foizni taşkil qilgan. Biroq sanoat mahsulotlarining viloyat umumiy hajmidagi uluşi atigi 0,69 foizni taşkil etayotgani va şaharning 22 ta hudud orasida oxirgi örinlarda qolayotgani tanqid qilindi. Şuningdek, 687 ta kiçik biznes subʼekti, yaʼni jami korxonalarning 30,6 foizi amalda faoliyat yuritmayotgani, eksport hajmi esa prognozga nisbatan 14,8 foizga kamaygani qayd etildi.
Aholi bandligini taʼminlaş borasida ham yeçimini kutayotgan masalalar talaygina. Xususan, şaharda işsizlik darajasi 3,9 foizni taşkil etib, 1 355 nafar fuqaro işsiz sifatida röyxatga olingan. Töqqiz oy davomida 13 ming nafardan ziyod aholi bandligi taʼminlangan bölsa-da, yaratilgan doimiy iş örinlarining 38,5 foizi soliq bazasida öz tasdiğini topmagan.
Kambağallik darajasi 3,5 foizga tuşirilib, 21 ta mahallaning 13 tasi kambağallik va işsizlikdan xoli hududga aylantirilgan. Şunga qaramay, ayrim mahallalarda bu boradagi körsatkiçlar yuqoriligiça qolmoqda. Xonadonbay örganişlar davomida aniqlangan ehtiyojlarning atigi 14 foizigina amaliy yeçim topgani esa aholi bilan işlaşda manzilli yondaşuvni kuçaytiriş zarurligini körsatadi.
Mahallalarda mikron-loyihalarni amalga oşiriş va investitsiyalarni jalb etiş borasida ham bir qator kamçiliklar mavjud. Belgilangan loyihalar hisobiga mingdan ortiq iş örni yaratilgan bölsa-da, ayrim mahallalarda rejalar ijrosi qoğozda qolib ketayotgani tanqid ostiga olindi.
Ayniqsa, investitsiya loyihalarining yarmidan köpi atigi uçta mahallaga töğri kelişi, töqqizta mahallada esa birorta ham loyiha mavjud emasligi hududlar imkoniyatlaridan birdek foydalanilmayotganini anglatadi.
Kommunal xizmatlar sohasidagi muammolar ham yiğiliş kun tartibidan örin oldi. Şaharda debitor qarzdorlik 16,6 milliard sömni taşkil etmoqda. Köp qavatli uylarni boşqariş, içimlik suvi, tabiiy gaz va elektr taʼminotidagi uzilişlar, çiqindilarni öz vaqtida olib çiqiş bilan boğliq kamçiliklar aholi eʼtirozlariga sabab bölmoqda. Içki yöllarning bir qismi ham taʼmirtalab holda.

Ijtimoiy sohadagi mavjud holat tahlil qilinganda, maktabgaça taʼlim bilan qamrov darajasi 72,8 foizni taşkil etib, viloyat örtaça körsatkiçidan pastligi qayd etildi. Ayni paytda maktabgaça taʼlim taşkilotlarida böş örinlar mavjudligi uşbu yönalişdagi imkoniyatlardan töliq foydalanilmayotganini körsatadi. Ayrim maktablarda esa öquvçilar soni belgilangan quvvatdan ortiq.
Soğliqni saqlaş tizimida şifokorlar yetişmovçiligi va aholini tibbiy körikdan ötkaziş qamrovining pastligi ham dolzarb masalalardan biri sifatida qayd etildi.
Yiğilişda yil yakuniga qadar amalga oşirilişi lozim bölgan vazifalar ham belgilab olindi. Xususan, sanoat mahsulotlari işlab çiqariş hajmini 1,66 trillion sömga yetkaziş, 184,4 million dollarlik investitsiyalarni özlaştiriş, yangi loyihalarni işga tuşiriş va eksport hajmini 31,4 million dollarga yetkaziş közda tutilgan. Şuningdek, kambağallik darajasini 2 foizgaça tuşiriş vazifasi qöyildi.

Viloyatdan biriktirilgan masʼullar tomonidan mahallalarda ötkazilgan örganişlar natijalari ham muhokama qilindi. Aniqlangan muammolar va ularning yeçimlari yuzasidan guruh rahbari, viloyat hokimining birinçi örinbosari Otabek Tursunov axborot berdi.
Yiğiliş yakunida ijtimoiy soha muassasalaridagi kamçiliklarni bartaraf etiş, şahar iqtisodiyotini rivojlantiriş, mavjud imkoniyatlardan samarali foydalaniş va aholi bandligini oşiriş böyiça masʼullarga aniq vazifalar yuklatildi.
A.Musayev,ÖzA