Islohotlar natijasi amalda
Mamlakatimizda inson manfaatlari, hududlarni mutanosib rivojlantirish va aholi turmush sifatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Natijada har bir hududning iqtisodiy imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarish, zamonaviy infratuzilma yaratish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi uchun munosib yashash muhitini shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov Uchquduq tumaniga tashrif buyurib, hududda iqtisodiy, ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini qamrab olgan tashabbuslar bilan tanishdi.
Dastlab Mustaqillik mahallasidagi Amir Temur ko‘chasini zamonaviy “24/7 xizmatlar ko‘chasi”ga aylantirish bo‘yicha yirik drayver loyiha taqdim etildi.

Umumiy qiymati 35,7 milliard so‘m bo‘lgan mazkur loyiha 2026-yil dekabr oyida to‘liq foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 11 ta yangi xizmat ko‘rsatish ob’ekti tashkil etiladi. Ular orasida zamonaviy savdo do‘konlari, maishiy xizmat ko‘rsatish shoxobchalari, moliyaviy xizmatlar markazi hamda ta’lim muassasasi faoliyat boshlaydi. Shu bilan birga, ko‘chadagi mavjud tadbirkorlik sub’ektlarining bir qismi o‘z faoliyatini kengaytiradi.

Tashabbus natijasida 150 ta yangi doimiy ish o‘rni yaratilishi, xizmatlar hajmini 90 milliard so‘mga yetkazish hamda mahalliy byudjetga har yili qo‘shimcha 3,6 milliard so‘m tushum tushishini ta’minlash rejalashtirilgan. Loyiha doirasida 1290 metr piyodalar yo‘lagi ta’mirlanib, zamonaviy yoritish tizimlari, dekorativ arkalar va dam olish hududlari barpo etiladi.
“Shanba yarmarkasi” nomi bilan mashhur bo‘lgan bozor hududida esa aholi va tadbirkorlar uchun qulay sharoitlar yaratilmoqda.
Bugungi kunda mazkur hududda zamonaviy savdo rastalari barpo etilgan, 3500 kvadrat metr maydon asfaltlangan, xaridorlar uchun keng va qulay harakatlanish yo‘laklari tashkil qilingan. Bu ishlar uzoq yillar davomida aholini qiynab kelgan infratuzilma muammolarini bosqichma-bosqich hal etishga xizmat qilmoqda.
Tuman markazidagi Iftixor mahallasida joylashgan “Orzu” istirohat bog‘ida ham keng ko‘lamli ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Mazkur maskan aholi tashabbusi bilan “Tashabbusli byudjet” loyihasida g‘olib deb topilgan va uni modernizatsiya qilish uchun 1,6 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Loyiha doirasida yangi “Charxpalak” qurish, bolalar va yoshlar uchun ko‘ngilochar maydonlarni kengaytirish, zamonaviy vorkaut maydonchasini tashkil etish rejalashtirilgan. Shuningdek, tumanning o‘ziga xos ramzlaridan biri hisoblangan “Mening Uchqudug‘im” maydonidagi “Uchquduq” stellasi ta’mirlanib, atrof-hudud obodonlashtiriladi.

Tashrif davomida viloyat hokimi strategik ahamiyatga ega bo‘lgan issiqlik ta’minoti tizimini modernizatsiya qilish loyihasi bilan tanishdi.
Qiymati qariyb 118 milliard so‘m bo‘lgan loyiha doirasida shahar markaziy qozonxonasi va issiqlik tarmoqlari bosqichma-bosqich yangilanmoqda. Shu maqsadda 1965-yilda qurilgan, texnik jihatdan eskirgan qozonxona o‘rnida 65 milliard so‘mlik zamonaviy issiqlik majmuasi barpo etildi.
Eng muhimi, shahardagi ko‘p qavatli uylar, ta’lim va ijtimoiy muassasalarga xizmat ko‘rsatuvchi 40 kilometr issiqlik hamda issiq suv tarmoqlari to‘liq yangilanadi. Eski quvurlar o‘rniga yuqori energiya samaradorligiga ega maxsus izolyatsiyalangan quvurlar yotqizilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, loyiha natijasida har yili 4,2 million kilovatt-soat elektr energiyasi tejaladi, 358 ming kub metrdan ortiq ichimlik suvi iqtisod qilinadi. Bu nafaqat iqtisodiy samaradorlikni oshiradi, balki resurslardan oqilona foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlaydi.
Tashrif davomida Yo‘lchilar ovulida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari ham ko‘zdan kechirildi.
“Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” loyihasi asosida ovulda umumiy qiymati 5 milliard so‘mlik infratuzilma ishlari amalga oshirilmoqda. Ichimlik suvi va elektr tarmoqlari yangilanmoqda, ichki yo‘llar asfaltlashtirilib, ko‘chalarni yoritish ishlari olib borilmoqda.

Shu bilan birga, bolalar va sport maydonchalari barpo etilmoqda. Tadbirkorlar tomonidan qiymati 9,6 milliard so‘mlik 21 ta xizmat ko‘rsatish loyihasi amalga oshirilib, natijada 50 ta yangi ish o‘rni yaratilishi ko‘zda tutilgan.
Bu loyihalar mahallalarni har tomonlama rivojlantirish, aholiga qulay infratuzilma yaratish va tadbirkorlikni rag‘batlantirishga xizmat qilmoqda.
Uchquduq aholisi va mehmonlari uchun tuman markazidagi “Oltin ko‘l” dam olish maskanida bunyodkorlik va ko‘kalamzorlashtirish ishlari boshlab yuborilgan.

Respublika byudjeti hisobidan ajratiladigan 4,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga mazkur hududda zamonaviy jamoat parki tashkil etiladi. “Sohil bo‘yi” loyihasi doirasida piyodalar va velosiped yo‘laklari, zamonaviy yoritish tizimlari, dam olish maydonchalari va keng ko‘lamli ko‘kalamzorlashtirish ishlari amalga oshiriladi.

Shuningdek, sohil bo‘yida savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini joylashtirish orqali yangi tadbirkorlik imkoniyatlari yaratiladi. Bu esa hududning turistik jozibadorligini oshirish va xizmatlar sohasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Bugun Uchquduqda boshlangan ushbu o‘zgarishlar nafaqat tuman qiyofasini yangilaydi, balki aholi farovonligini oshirish bilan birga iqtisodiy yuksalishga ham sabab bo‘ladi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri