Islohotlar natijadorligi o‘rganilmoqda
Sohada amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi bilan tanishish maqsadida Navoiy viloyatiga tashrif buyurgan Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Navbahor tumanida bir qator tadbirkorlik sub’ektlari rahbarlari bilan uchrashdi.
“Yashil orol” baliqchilik xo‘jaligi 2022 yilda tashkil etilgan. Mazkur xo‘jalikda yil davomida 2 marotaba hosil olish imkonini beruvchi super intensiv usulda sazan va oq do‘ngpeshona baliqlari yetishtiriladi. Xo‘jalikdagi suv havzasidan dastlab yiliga bir marta hosil olingan bo‘lsa, ayni paytda ishning ko‘zini bilgan mutaxassislar yordamida yiliga ikki marta baliq yetishtirish yo‘lga qo‘yildi. Natijada yiliga o‘rtacha 300-350 tonna baliq yetishtirilmoqda.

– Xo‘jaligimizda 16 gektar maydonda baliq ko‘llari tashkil etilgan bo‘lib, 8 ta yangi ish o‘rni yaratilgan, – deydi baliqchilik xo‘jaligi direktori Ma’rufjon Karimov. – Har bir ko‘lda aeroterlar mavjud bo‘lib, suvni kislorod bilan ta’minlaydi. Baliqchilik xo‘jaligimizda quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lib, elektr energiyasiga ehtiyoj yo‘q. 6 gektarlik maydonimizga 80 kVt/soat, 10 gektarlik maydonimizga esa 160 kVt/soat quvvatga ega quyosh panellari o‘rnatilgan. Joriy yilda baliq urug‘chiligini rivojlantirish bo‘yicha ishlarimizni boshlab yuborganmiz. Bozordagi talabni puxta o‘rganib, Vetnam va Gollandiyadan baliq chavoqlarini keltirib, ko‘paytirish niyatidamiz.

Vazir “Brain” savdo belgisi ostida faoliyat olib borayotgan “Biotech Research and Innovation” MCHJ ilmiy-ishlab chiqarish kompleksida bo‘ldi.

Majmuada ilon va chayonsimonlar oilasiga mansub jonivorlar yetishtirilib, ularning yashash tarzi ustida tadqiqot va o‘rganish ishlari olib boriladi. Xodimlar turli xil farmatsevtik va kosmetologik vositalar tayyorlash, ularning zahri asosidagi preparatlarni sertifikatlash va boshqa bir qator ilmiy hamda ishlab chiqarish jarayonlari bilan shug‘ullanadi.

Ayni paytda bu yerda O‘zbekiston Milliy universitetining yetakchi mutaxassislari va zoolog olimlari bilan hamkorlikda startap loyiha ustida ish olib borilmoqda. Kelgusida boqilayotgan ilonlarning zahari olinib, qayta ishlanadi va chorva mollari uchun vaksinalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Paxtakor mahallasida istiqomat qiluvchi Aziz To‘raqulov esa xonadonda bedana va kurka boqadi. Xonadon egasi 33 million so‘m imtiyozli kredit olib, ushbu loyihani yo‘lga qo‘ygan. Ayni paytda 4 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan.
Uchrashuvlarda Vazir amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni jadallashtirish bo‘yicha o‘z tavsiya va ko‘rsatmalarini berdi.
Vazir tomonidan o‘rganish ishlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri