Islohotlar mahalladan boshlanmoqda
O‘zbekistonda aholiga davlat va moliyaviy xizmatlarni yanada yaqinlashtirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash hamda mahallalarning iqtisodiy salohiyatini oshirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar izchil davom etmoqda. Ana shunday yangicha yondashuvlardan biri sifatida Navoiy viloyatining Zarafshon shahrida rejalashtirilgan “Yetti Xazina” bank xizmatlari markazi loyihasidir.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 24-iyundagi “Mahalla boshqaruvini samarali tashkil etishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda tijorat banklari faoliyatini mahallalar kesimida yo‘lga qo‘yish, aholi va tadbirkorlar uchun moliyaviy xizmatlarning ochiqligi va qulayligini oshirish bo‘yicha belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.
Navro‘z hamda Yangi Zarafshon mahallalari uchun belgilangan drayver yo‘nalishlari har bir hududning iqtisodiy salohiyatidan kelib chiqqan holda shakllantirilgan. Xususiy ta’lim, tibbiyot, IT, savdo va xizmat ko‘rsatish sohalari bilan bir qatorda chorvachilik, issiqxona xo‘jaligi, hunarmandchilik va milliy mahsulotlar ishlab chiqarish kabi yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilishi mahallalar iqtisodiyotini diversifikatsiya qilishga xizmat qiladi.
Markazda bank xizmatlarining barcha asosiy turlari – naqd pul yechish va kiritish, plastik kartalarga xizmat ko‘rsatish, elektron to‘lovlar, shuningdek, raqamli texnologiyalar orqali biznes loyihalar va imtiyozli kreditlar haqida ma’lumot olish imkoniyatlari yaratiladi.

Loyiha doirasida 120 ta yangi kichik biznes sub’ektini tashkil etish, 350 ta yangi ish o‘rni yaratish, har kuni 150-200 nafar aholiga tezkor bank xizmatlari ko‘rsatish hamda mahallada elektron to‘lovlar ulushini 85 foizga yetkazish rejalashtirilgan. Bu ko‘rsatkichlar aholi bandligini ta’minlash, daromad manbalarini kengaytirish va mahalliy iqtisodiyotni mustahkamlashga xizmat qiladi.
“Yetti xazina” loyihasi mahallani nafaqat ijtimoiy, balki iqtisodiy rivojlanish markaziga aylantirishga qaratilgan muhim tashabbusdir. Bu kabi islohotlar “Inson qadri uchun” tamoyili asosida aholining hayot sifati va farovonligini oshirish, tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilash hamda davlat xizmatlarini fuqarolarga yanada yaqinlashtirish yo‘lida muhimlardan biridir.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri