Iskandar ota Qalandarov shukronasi
Iskandar Qalandarov 1921 yilda G‘ijduvon tumani, “G‘ovshun” mahalla fuqarolar yig‘ini Quyiqirg‘izlar qishlog‘ida tug‘ilgan.
– 1942 yil 15 may kuni urushga ketganman, – deydi Iskandar ota Qalandarov. – Leningrad va Novgorod shahri ostonalarida bo‘lgan janglarda ishtirok etib, mudhish urushning azobli, og‘riqli, ayriliq kunlarini ko‘rdim. Sira unutib bo‘lmaydi. Safimizda bo‘lganlardan ayrilib borardik. Er yigitlarga xos jasorat, matonat bilan dushmanga qarshi kurashdik. To‘p ovozi, snaryadlar shovqini har daqiqada fashistlarga bo‘lgan nafratimizni oshirardi. Bir kuni dushman tomonidan otilgan snaryad o‘qi biz joylashgan kulbaga kelib tushdi. 5 kishi o‘tirgandik, tom bosib qoldi. Janggohdagi uch safdoshimiz shu yerda jon berdi.
Og‘ir jarohat oldim, ikkita gospitalda yotib davolandim. Germaniya ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng Yaponiyaga qarshi urushda ham ishtirok etdim. 1946 yilda qishloqqa qaytdim. 1948-1951 yillarda Samarqand qishloq xo‘jaligi texnikumida tahsil oldim. 1953-1967 yillarda tumandagi Lermontov nomidagi o‘rta maktabda xo‘jalik ishlari mudiri vazifasida ishladim. 1967-1981 yillarda tumanning, “G‘ovshun” qishloq soveti, Kalinin nomidagi jamoa xo‘jaligida brigadir, ombor mudiri lavozimlarida ham faoliyat yuritdim. 1981 yilda nafaqaga chiqdim. “Ulug‘ Vatan urushi qatnashchisi”, “Mehnat faxriysi”, “Jasorat” medali va boshqa qator jangovar medal va ordenlar bilan taqdirlandim. Sakkiz nafar farzandni ulg‘aytirdim, el koriga kamarbasta farzandlar etib tarbiyaladim. Ayni kunlarda 30 nafar nevara, 34 evara hamda bir nafar chevaram ardog‘idaman. Ko‘ksim to‘lib, g‘ururlanib, shukrona aytaman, Vatanimiz tinch, osuda. Dorulamon kunlar qadriga har qachongidanda ko‘proq yetishimiz kerak. Aziz o‘g‘il-qizlarimga, tinchlik ulug‘ ne’mat ekanligini takror-takror aytaman. Mehr-oqibatli bo‘ling, hamjihat bo‘ling.
Zarif Komilov, O‘zA