Isitish mavsumida ehtiyojmand oilalarga 1 million so‘mdan bir martalik yordam ko‘rsatilmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 2 apreldagi tegishli qaroriga asosan 2025–2026 yil isitish mavsumida aholining ehtiyojmand qatlamiga 1 million so‘mdan bir martalik moddiy yordam ehtiyojmand oilalarga yetkazilmoqda.
Ushbu topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida 1 million 162 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalar ro‘yxati shakllantirildi. Bir martalik moddiy yordam to‘lash uchun 1,2 trillion so‘mlik mablag‘ tijorat bankiga to‘liq moliyalashtirib berildi.
30 oktyabr kuni plastik kartasi bor aholiga butun summa o‘tkazib berildi. Bank plastik kartasi bo‘lmagan oilalarga naqd pul ko‘rinishida “sayyor kassalar” tomonidan pullar to‘lab berilmoqda.
O‘tgan davrda kompensatsiya to‘lash uchun kelib tushgan 1,7 million ariza ko‘rib chiqildi va bazaviy me’yordan ortiq iste’mol qilgan 362 ming oilaga 21,1 milliard so‘m kompensatsiya to‘lovlari to‘landi.
Ma’lumot uchun, o‘tgan yili 444 ming oila kompensatsiya olish uchun murojaat qilgan, shundan 208 mingtasiga 23,3 milliard so‘m (faqatgina isitish davri noyabr-fevral oylari uchun) kompensatsiya to‘lovlari to‘lab berilgan.
Umuman olganda, berilayotgan moddiy yordamlar qisqa muddatli ehtiyojni qoplash bilan birga, aholining moliyaviy barqarorligini mustahkamlash va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash darajasini oshirishga xizmat qilmoqda.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA