Ishtixonlik 10 yoshli qiz Abdulla Oripov haqida kitob yozyapti
Ishonish qiyin bo‘lgan gap-a? Biz ham ishonib-ishonmay, xabarga aniqlik kiritish uchun ishtixonlik hamkasblarimiz bilan bog‘landik. Ularning so‘rab-surishtirib, ma’lum qilishicha, rostdan ham tumandagi 83-maktabning 3-sinf o‘quvchisi Farishtabonu Mahmudova qahramon shoirimiz haqida biografik asar yozayotgan ekan.
Bu gapni eshitgach, iste’dodli qiz va uning oilasi bilan tanishish uchun Ishtixonga yo‘l oldik.
Farishtabonu va ota-onasini tuman axborot-kutubxona markazida, ishtixonlik ijodkorlarning navbatdagi mashg‘uloti chog‘ida uchratdik.
Tumanning Yangiravot mahallasida yashovchi bu yosh oilada ikki farzand – Farishtabonu va Talantbek kamol topayotgan ekan. Ota-ona – Mahmudjon va Guljahon boshqa sohalarda mehnat qilishsa-da adabiyot, san’atga yaqin kishilar, biri she’rlar yozsa, ikkinchisi ashula xirgoyi qilib turadi. Ana shu qobiliyat ularning farzandlarida namoyon bo‘lmoqda.
– Qizimiz gapira boshlaganidan so‘zlarni chiroyli talaffuz qilishi, zehni tezligi e’tiborimni tortgan, – deydi Guljahon Boliqulova. – Dadasining ijodkorligi, she’rlar yozib turishi Farishtabonuga ham o‘tibdi-da, deb xursand bo‘lganman. Ko‘p kitob o‘qib berganmiz, ertaklar aytganmiz, she’rlar yodlatganmiz. O‘qishga, kitobga qiziqishi tufayli maktabga borguniga qadar xat-savodi chiqib, yozishni ham o‘rganib olgandi. Ilk she’riy mashqini maktabga bormasidan oldin aytib bergandi va bu she’r shunday boshlanardi:
Otam, onam hamda yurtimni
Sho‘x-shaddodu erka qiziman.
She’riyatning Zulfiyasidek
Men ko‘ngillar Farishtasiman...
Shundan keyin qizimizga yanayam ko‘proq e’tibor qaratdik. Maktabga chiqqanidan so‘ng kitob o‘qishga qiziqdi, she’riy mashqlari ko‘paydi. Avvalo, dadasi bu borada unga ustozlik qilmoqda, qolaversa, tumanimizdagi ijodkorlar to‘garagiga qatnab, ko‘p narsa o‘rganyapti. Katta-katta shoirlar nazariga tushdi, ular Farishtabonuga oq yo‘l tilab, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatmoqda. Ustozlarining ko‘magi bilan o‘tgan yil “So‘zoynakli ko‘ngilzorim” nomli ilk she’riy to‘plami chop etildi.
Oiladagi ikkinchi farzand Talantbekda musiqaga ishtiyoq kuchli ekan. Hozirda u maktabda 2-sinfda o‘qish bilan birga tuman markazidagi 21-bolalar musiqa va san’at maktabi mashg‘ulotlarida qatnashadi. Quvonarlisi, u kelgusi yildan o‘qishini Toshkentda – Glier nomidagi ixtisoslashtirilgan bolalar musiqa maktabida davom ettirish huquqiga ega bo‘libdi.
– O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining “Ma’rifat ulashib” loyihasi asosida tumanimizda taniqli ijodkorlar bilan uchrashuv o‘tkazilganda Farishtabonu chiqib o‘zi yozgan she’rlarini o‘qib berdi, – deydi Mahmud Yo‘ldoshev. – Shunda poytaxtdan kelgan shoirlar qizimizda iqtidor borligini aytib, uni qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishdi. Taniqli ijodkorlar To‘lqin Eshbek, Muhammad Ismoil Farishtabonu haqida ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida yozishdi, ijodiy davralarga taklif qilishdi. Shu tarzda Usmon Azim, Abdusaid Ko‘chimov, Xosiyat Bobomurodova, Bobur Bobomurod kabi ustozlar nazariga tushdi. Hozir ular Farishtabonuga maslahat va tavsiyalar berib kelishmoqda. Yaqinda O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov tavalludining 85 yilligi munosabati bilan ustozning uy-muzeyi ochilishida ishtirok etdik. U yerda ham ko‘plab ijodkorlar qizimizga oq yo‘l tilab, duo qilishdi, yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishdi. Ana shu tadbir chog‘ida ulug‘ shoirimizning rafiqalari Xanifa aya “Abdulla aka haqida yana kitoblar yozilsa, boshqa kitoblarga kirmay qolgan gaplarni aytishga imkoniyat bo‘lardi”, deb qoldi. Shunda Farishtabonu “men yozaman o‘shanday kitobni” dedi. Ochig‘i, o‘zimiz uchun ham kutilmagan gap bo‘ldi. Axir yosh bola qanday qilib asar yozishi mumkin, deb o‘yladik. Lekin o‘sha yerda bo‘lgan ustozlar “mayli, Farishtabonu ham bir yozib ko‘rsin”, deb uni ruhlantirishdi. O‘sha kuni Xanifa ayaning uylarida mehmon bo‘lib qoldik, tongga qadar ustoz shoirimiz haqida gapirib berdilar. Qizim ikkimiz bu xotiralarni yozib oldik. Keyin shu vaqtgacha Matyoqub Qo‘shjonov, Abdusaid Ko‘chimov va boshqa ijodkorlar tomonidan Abdulla Oripov haqida yozilgan kitoblarni ham olib keldik. Farishtabonu shu kitoblar va Xanifa ayaning xotiralari asosida “Orifnoma” deb nomlangan asarni yozishga kirishdi.
– Otam meni she’r yozishga qiziqtirgan, she’r yozish bilan ichki hissiyotlar qog‘ozga tushiriladi, – deydi Farishtabonu. – Kishi xafa bo‘lganda ham, xursand bo‘lganda ham hissiyotini she’rlarda ifoda etadi. Uyimizda mingdan ortiq kitoblar, badiiy asarlar bor. Otajonim va ayajonim aytgan kitoblarni o‘qiyman. Kitoblardan ko‘p narsani o‘rganish mumkin, kitoblar ota-onalarimizdan keyin eng yaqin do‘stlarimiz hisoblanadi. 22-mart kuni Abdulla Oripov uy-muzeyiga borib, Xanifa oyi bilan suhbatlashdik. U kishining xotiralarini eshitdim, buyuk shoirimiz hayoti va faoliyati haqida ko‘p ma’lumotlar oldim. Xanifa oyi aytgan taklif asosida Abdulla Oripov haqida kitob yozyapman. Chunki men tug‘ilganimda dadajonim ustozlari Abdulla Oripovga qo‘ng‘iroq qilib, “qizimga Farishta, deb ism qo‘ymoqchiman” deganlarida u kishi “Farishta”ga “bonu”ni ham qo‘shib qo‘yinglar, ilmli, bilimli qiz bo‘lib ulg‘aysin, deganlar. Men o‘zimga shuni shior qilib olganman – agar biror maqsadni oldingga qo‘ysang va tinimsiz harakat qilsang, u albatta amalga oshadi. Men hozir “Orifnoma” degan kitob yozishni maqsad qilganman, buning uchun harakat qilyapman.
[gallery-28810]
Albatta, endigina 10 yoshga to‘lgan qizning adabiyot mezonlariga mos asar yaratishi mushkul, lekin Farishtabonuning shu yoshda bunga jur’at qilishi, buning uchun tinimsiz o‘qib-izlanayotgani, eng muhimi, xalqimizning sevimli shoiri haqida o‘z dunyoqarashi va tasavvuricha yozayotgani e’tiborli. Nazarimda, shuning uchun ham katta ijodkorlarimiz uni qo‘llab-quvvatlamoqda, qalbidagi ishtiyoqni so‘ndirmaslikka intilmoqda va ijod olamida yana bir iste’dodli shoira kamolga yetishiga ishonishmoqda.
– Ishtixondan ko‘p ijodkorlar yetishib chiqqan, ular bugun poytaxtimizda, Samarqandda va tumanimizda yashab ijod qilmoqda, – deydi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Shahriddin Umirov. – Quvonarlisi, bugun ularga munosib izdoshlar bor. Shuning uchun ishtixonlik ijodkorlar klubini tashkil etganmiz va tez-tez to‘planib, fikr almashamiz, yoshlarga maslahat va tavsiyalar beramiz. Poytaxtda ijod qilayotgan Shahodat Isaxonova, To‘lqin Eshbek, Orif To‘xtash, Muhabbat To‘xtasheva singari ishtixonliklar kelib klubimiz mashg‘ulotlarida qatnashadi. Farishtabonu iqtidorli yoshlarimizdan biri sifatida klubimizda ham juda faol. Tug‘ma iste’dod egasi bo‘lgan bu qizimiz hozirdanoq ijodkorlar orasida ancha tanilib qoldi. Har kuni telegram kanalimizda uning yangi she’rlarini o‘qib xursand bo‘laman.
– Farishtabonu va Talantbek musiqa maktabimizning teatr sinfi iste’dodli o‘quvchilari, – deydi Aslixon Ergashev. – Farishtabonu she’rlar yozib, barchamizning nazarimizga tushdi. Har bir tadbirimizda faol ishtirok etadi, she’rlar aytadi. Talantbek ham nomiga mos iqtidorli o‘quvchi, chiroyli ashulalar aytadi. Men bunday shogirdlarim bilan faxrlanaman.
G‘olib Hasanov,
Alisher Isroilov (surat, video), O‘zA muxbirlari