«Ishonchni oqlaganimizdan xursandmiz»
O‘zining yuqori intellektual salohiyati, iqtidor va izlanuvchanligi, tashabbuskorligi va yetakchiligi bilan yoshlarni chuqur bilim olishga yo‘naltirishda «Zakovat» intellektual o‘yinlarining o‘rni beqiyos.
Yoshlar o‘rtasida sog‘lom ilmiy-ma’rifiy raqobat muhitini shakllantirishda muhim ahamiyat kasb etayotgan intellektual o‘yinning breyn-ring turniri super-final bahsida Xorazm viloyatining «Xiva Prezident maktabi» jamoasi g‘alaba qozondi.
Ushbu jamoa sardori bo‘lgan Xiva shahridagi Prezident maktabining informatika fani o‘qituvchisi Azamat Matkarimov davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev farmoniga ko‘ra «Shuhrat» medali bilan taqdirlandi. Bu, albatta, yurtimizda ilm ahliga bo‘lgan e’tiborning yuksak namunasidir. Qizg‘in ruhda o‘tgan turnirning jarayonlari va g‘oliblarning taassurotlarini bilish maqsadida Azamat Matkarimov bilan suhbatlashdik.
– «Zakovat»ga avval ham qatnashganmisiz yoki bu ilk ishtirokingizmi?
– Ilk bor «Zakovat» intellektual o‘yinida qatnashganimga deyarli 13 yil bo‘ldi va bu yillar menga katta tajriba to‘plashda yordam berdi, deyishim mumkin. Bundan tashqari, Xiva shahridagi Prezident maktabida informatika fani o‘qituvchisi sifatida faoliyatimni boshlaganimga bir yarim yil bo‘ldi. Maktab o‘quvchilari juda iqtidorli, bunday o‘quvchilarga dars berish ustozlardan alohida bilim va tajriba talab etadi. O‘quvchilarning bilimini oshirish, ularni fikrlashga o‘rgatish maqsadida maktabda doimiy tarzda «Zakovat» o‘yinlari o‘tkazib turamiz. Ushbu o‘yinlardagi savollarni tuzish uchun ham o‘nlab kitoblarni ko‘rib chiqish, bir nechta savollar ichidan eng yaxshilarini tanlashimga to‘g‘ri keladi. Bu o‘z-o‘zidan menga ham tajriba olib keladi. Umuman olganda, Prezident maktabidagi o‘qitish tizimi nafaqat maktab o‘quvchilari, balki o‘qituvchilarining ham o‘z ustida ishlab, kengroq tajriba oshirishiga yordam beradi.
– Siz rahbar bo‘lgan jamoaning tarkibini shakllantirishda nimalarga e’tibor berildi?
– Biz mazkur jamoa bilan 2015 yildan buyon birga ishlab kelyapmiz. Ayni shu yildan buyon oliy liga o‘yinlarida qatnashamiz va 2017 yilda g‘oliblikni qo‘lga kiritganmiz. Jamoa bilan doimiy tarzda intellektual o‘yinlarda birgalikda qatnashib kelganmiz. Oldindan tajribaga ega jamoadoshlar bilan bir maqsad uchun kurashganimiz ushbu «Zakovat» intellektual o‘yinidagi g‘alabamizni ta’minladi, deb o‘ylayman.
– O‘yin davomida qanday qiyinchiliklar bo‘ldi?
– Bilasizmi, g‘alaba bu «Aycberg» kabi, ya’ni bizga faqat uning ustki qismi ko‘rinadi, mashaqqati esa ostida. Bizning ham bu g‘alabagacha kelishimiz oson bo‘lmadi. Finalgacha bo‘lgan o‘yinda bizdan savolning javobini to‘g‘ri topish bilan bir qatorda ishtirokchi jamoalar ichida javob tugmasini birinchilardan bo‘lib bosish, ya’ni tez javob berish talab etilardi. Shu tomoni biz uchun qiyinchilik tug‘dirib, oldingi bosqichlarda jamoamiz so‘nggi o‘rinlarda bo‘lib kelayotgandi. Bu esa final uchun bizning yanada kuchliroq tayyorlanishimizni talab qilgan jihat bo‘ldi.
– Davlat rahbari oldida intellektual ringda ishtirok etdingiz. Bu jarayon qanday kechdi?
– To‘g‘risini aytganda, bu barcha ishtirokchi jamoalar uchun hayajonli bo‘ldi, deb o‘ylayman. Prezidentimizning o‘zlari kuzatib turgan bu o‘yin bizni yanada mas’uliyatli bo‘lishga va ikki hissa ehtiyotkorlikni oshirib, fikrni g‘alabaga jamlashimizga undadi. Final biz uchun kutilmagan hayajon va natijaga boy bo‘ldi. O‘yin boshlanishidan oldin biz g‘olib jamoaning avtomashina bilan taqdirlanishini bilardik. Ammo davlat mukofotlari bilan taqdirlanishimiz bizning hatto tasavvurimizga ham sig‘masdi. Buning hayajoni haligacha davom etmoqda va Prezident maktablariga bildirilgan ishonchni ma’lum bir ma’noda oqlay olganimizdan xursandmiz.

O‘zA muxbiri Fayzullo Yahyoyev suhbatlashdi.