Ishonchli vakil tomdiliklar bilan uchrashdi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Navoiy viloyatidagi ishonchli vakili Quvondiq Sanaqulov Tomdi tumani saylovchilari bilan uchrashdi.
Unda tuman faollari, mahalliy Kengash deputatlari, faxriylar, ta’lim sohasi vakillari, xotin-qizlar va yoshlar, tadbirkorlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Dastlab uchrashuv ishtirokchilariga nomzodning hayoti, mehnat faoliyati, beshta ustuvor maqsadni qamrab olgan Saylovoldi dasturi to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Ishonchli vakil O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Shavkat Mirziyoyevning 21 iyun kuni Navoiy viloyati saylovchilari bilan uchrashuvi davomida viloyatni kelgusi yetti yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslari bilan tanishtirdi.

– Aholining ijtimoiy ehtiyojlarini hal qilish maqsadida 310 ta davlat va xususiy bog‘chalar tashkil etiladi, – dedi ishonchli vakil. – Yangi maktablar qurish va mavjudlarining quvvatini oshirish, xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash hisobiga qo‘shimcha 40 ming o‘quvchi o‘rni yaratiladi. Navoiyning iqlimini hisobga olgan holda barcha bog‘cha va maktablar filtrlangan ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlanadi.
Keyingi yetti yilda viloyatda 350 ta ko‘p qavatli uylar qurilishi hisobiga 30 ming oila uy-joyga ega bo‘ladi. Ming kilometr suv tarmoqlari barpo etilib, viloyatda toza ichimlik suvi bilan ta’minlash darajasi 85 foizga yetkaziladi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar Prezidentlikka nomzod Sh.Mirziyoyevning Saylovoldi dasturi haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirib, uni qo‘llab-quvvatlashlarini ta’kidladi.
– Tomdi tumanida ham katta o‘zgarishlar bo‘lyapti. Ammo keyingi olti yilda amalga oshirilgan ishlar o‘n yillarga tatigulik bo‘ldi, – dedi tuman maktabgacha va maktab ta’limi boshlig‘i M.Bazarbayev. – 2017 yili tumanda bolalarning maktabgacha ta’lim tashkilotiga qamrovi 34 foizni tashkil etgan bo‘lsa, bugunga kelib 70 foizga yetdi. Nomzodning Saylovoldi dasturi bilan tanishib, yurtimizning ertangi kuniga bo‘lgan ishonchim yanada ortdi va barchani 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda Shavkat Mirziyoyev nomzodini qo‘llab-quvvatlashga chaqiraman.
Ishonchli vakilning hududlarda Saylovoldi targ‘ibot uchrashuvlari davom etmoqda.
A.Bo‘riyev, O‘zA