Ishonchli vakil shifokorlar bilan uchrashdi
O‘zXDPdan Prezidentlikka nomzod Ulug‘bek Inoyatovning Toshkent viloyatidagi ishonchli vakili Qizilgul Qosimova Yangiyo‘l shahar tibbiyot birlashmasida saylovchilar bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Qizilgul Qosimova saylovchilarga nomzodning saylovoldi dasturida ilgari surilgan g‘oyalar bo‘yicha ma’lumot berdi. Xususan, dasturdagi o‘zini-o‘zi band qilish va xususiy tadbirkorlardan olinadigan daromadlar hisobidan mehnatga layoqatli aholining barqaror ish o‘rinlarida bandligini ta’minlashga erishish tashabbusi haqida yig‘ilganlarga gapirdi. Nomzodning dasturida oilalar, bolalar, ayollar, qariyalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga g‘amxo‘rlik qilish bilan bog‘liq masalalar ham nazarda tutilgan.

Shuningdek, “Ko‘p kvartiralik uylar va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarini ulush qo‘shgan holda qurishda ishtirok etish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish ham muhim ahamiyatga egaligi ta’kidlandi. Dasturning kafolatli va sifatli tibbiy yordam – inson salomatligi garovi deb nomlangan yo‘nalishida “Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonunni qabul qilish taklifi bildirilmoqda. Shuningdek, dasturda ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ko‘plab takliflar mujassamlangan.

Nomzod maktablar o‘quv dasturlarida chet tillari va IT bo‘yicha o‘quv soatlarini keskin ko‘paytirishni nazarda tutmoqda. Tadbirda ishonchli vakil saylovchilarni qiziqtirgan savollarga javob berdi.
A.Musayev,O‘zA.