Ishonchli vakil saylovchilar bilan uchrashdi
Toshkent viloyatining Chirchiq shahrida O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Abdushukur Hamzayevning ishonchli vakili Mohira Xodjayeva saylovchilar bilan uchrashdi.
Ishonchli vakil saylovchilarni nomzodning saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi. Jumladan, davlat ekologik siyosatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilashga qaratilgan “Barqaror ekologik rivojlanish Strategiyasi”ni qabul qilish, qayta tiklanadigan energiya manbalarini rivojlantirish istiqbollarini belgilashga qaratilgan “Yashil energetika Strategiyasi” ni qabul qilish, suvdan samarali foydalanish va uning mahsuldorligini oshirishga qaratilgan milliy dasturni ishlab chiqish, qator xalqaro hujjatlarga a’zo bo‘lish kabi takliflar alohida e’tirof etildi. Shuningdek, nomzodning saylovoldi dasturida mamlakatimizda iqtisodiyotni isloh qilishga qaratilgan bir qator muhim tashabbuslar ilgari surilmoqda. Xususan, “Yashil viza” dasturini joriy etish, tarmoqlar va hududlarning “yashil iqtisodiyotga o‘tish indeksi”ni ishlab chiqish, yuk tashishni yirik mashinalardan temir yo‘llarga o‘zgartirishga qaratilgan choralar alohida e’tirof etildi. Shaharlar bosh rejalarini tuzishda kamida 30 foizli yashil maydonlar yaratish talabini mustahkamlash, shaharsozlik faoliyatida jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, normativ hujjatlarni qabul qilishda atrof-muhitga ta’sirini baholash tizimini joriy etish kabi e’tiborga molik tashabbuslar ilgari surildi. Shuningdek, qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq sohasini isloh qilishga qaratilgan takliflarga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar Prezidentlikka nomzod Abdushukur Hamzayevning saylovoldi dasturidan hayotiy muhim masalalar o‘rin olgani, xalqimiz, jamiyatimiz, davlatimiz farovonligi bilan bog‘liq tashabbuslar ilgari surilayotgani, ushbu tashabbuslar bugungi kundagi dolzarb muammolar yechimiga yo‘naltirilgan bo‘lib, ularni amalga oshirish mamlakatning barqaror rivojlanishiga, xalqning farovon hayotiga zamin yaratishini ta’kidladi.
A.Musayev, O‘zA.