Ishonchli vakil qumqo‘rg‘onliklar bilan uchrashdi
Qumqo‘rg‘on tumanidagi 20-musiqa va san’at maktabida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Xalq demokratik partiyasidan nomzod Ulug‘bek Inoyatovning Surxondaryo viloyatidagi ishonchli vakili Mavjuda Hasanova navbatdagi saylovoldi uchrashuvini o‘tkazdi.
Unda mahalliy kengash deputatlari, partiya faollari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi. Ishonchli vakil ishtirokchilarga nomzodning tarjimai holi haqida batafsil ma’lumot berib, saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor yo‘nalishlarga to‘xtaldi. Muhim siyosiy jarayon uchun takliflar elektorat manfaatlari va dasturiy maqsadlaridan kelib chiqib, quyidan yuqoriga tizimi asosida har tomonlama chuqur tahlildan o‘tkazilib, dastur ishlab chiqilganini ta’kidladi.



Nomzodning to‘qqizta yo‘nalishdan iborat dasturida “Kuchli ijtimoiy siyosat – ijtimoiy davlatchilik poydevori, barqaror jamiyat va farovon turmush asosi” shiori ostida aholi manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladigan qator muhim tashabbuslar ilgari surilgan. Dasturda oilalar, bolalar, ayollar, qariyalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va ularga g‘amxo‘rlik qilish bilan bog‘liq masalalar ham ilgari surilgan. Odamlarning hayot sifatini yaxshilashning muhim omili sifatida uy-joy va sifatli kommunal xizmatlariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, ko‘p qavatli uylar va boshqa ko‘chmas mulk ob’ektlarini ulush qo‘shgan holda qurishda ishtirok etish to‘g‘risida qonun qabul qilish g‘oyasi o‘rtaga tashlanayotgani qayd etildi.


Uchrashuv qatnashchilari dastur, undagi taklif va tashabbuslar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. So‘zga chiqqan faollar nomzodning dasturini qo‘llab-quvvatlash va bo‘lajak saylovda faol fuqarolik pozitsiyasini namoyon etgan holda ishtirok etishga undadi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA