Ishonchli vakil davlatobodliklar bilan uchrashdi
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasidan Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevning Namangan viloyatidagi ishonchli vakili navbatdagi saylovoldi tashviqotini Davlatobod tumanida o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zLiDeP a’zolari, tuman faollari, deputatlar, xalq ta’limi va sog‘liqni saqlash muassasalari xodimlari, mehnat faxriylari, yoshlar vakillari ishtirok etdi.
Ishonchli vakil, Namangan viloyati Nuroniylar jamoatchilik kengashi raisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Ikromxon Najmiddinov nomzodning tarjimai holi va saylovoldi dasturi bilan tanishtirdi.

Qayd etilganidek, 2030 yilgacha mo‘ljallangan beshta ustuvor maqsaddan iborat saylovoldi dasturda inson qadrini ulug‘lash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, xotin-qizlarning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini mustahkamlash, suv resurslaridan tejab-tergab foydalanish, chegaralarimiz daxlsizligi, xalqimiz tinchligini barqaror saqlash borasida istiqbolli tashabbuslar ilgari surilgan.

Saylovchilar nomidan so‘zga chiqqanlar qonun ustuvorligi va sud tizimidagi islohotlar samaralari, Shavkat Mirziyoyevning namanganliklarga hurmat-ehtiromi, sanoatni rivojlantirish bo‘yicha ezgu loyihalarning amalga oshirilishi, nomzodning yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasini tayyorlash jarayoni, maslahat yig‘ilishlarida bildirgan qimmatli maslahatlari, tashabbuslari mohiyati, 2021 yildagi saylovoldi dastur bilan 2023 yildagi beshta maqsadning bog‘liq va o‘ziga xos farqli jihatlariga e’tibor qaratdi.

– Men saylovoldi tashviqoti uchrashuvidan katta taassurot oldim. Biz yoshlarga, ayniqsa, qizlarga alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatilayotgani, bilim olishimiz, iste’dodimizni yuzaga chiqarishimiz uchun imkoniyatlar yaratib berilayotgani kuch-g‘ayrat bag‘ishlaydi, – deydi Namangan muhandislik qurilish instituti talabasi Shahzoda G‘ulomjonova. – Orzularim bir olam. Kelgusida yaxshi mutaxassis bo‘lib Vatanimiz ravnaqiga, Yangi O‘zbekiston, Uchinchi Renessans poydevorini qurishga bilim va salohiyatim bilan o‘z hissamni qo‘shmoqchiman. 9 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan saylovda o‘zim tanlagan nomzodga ovoz beraman.
Ishonchli vakil saylovchilarni Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyevga ovoz berishga chaqirdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA