Ishonchli himoya tizimi ishga tushdi
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yil 5-fevral kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida maktablardagi og‘riqli masalalarga e’tibor qaratildi.
O‘tgan yili voyaga yetmaganlar 3,5 ming jinoyat sodir etgani, shundan 2 ming 280 tasini maktab o‘quvchilari sodir etgani hamda 50 ming nafar bola muntazam ravishda maktabga bormayotgani qayd etildi.
Haqiqatan ham bu ayanchli vaziyat. Shu sababli Milliy gvardiyaga maktablarda intizom va davomatni nazorat qilish topshirildi. Bu qanday samara bermoqda?
Jamoat xavfsizligi universiteti kafedra boshlig‘i Jahongir O‘rmonov bilan shu haqda suhbatlashdik.
– Prezidentimiz tashabbusi bilan Milliy gvardiyaga o‘quvchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash orqali ularda “huquqbuzarlikka qarshi immunitet” hosil qilish, maktablardagi axloqiy-ruhiy muhitni o‘rganish, “maktab - oila - mahalla” zanjirini mustahkamlash va davomatni yaxshilashga ko‘maklashish borasida aniq vazifalar belgilab berildi.
Milliy gvardiya xodimlari soha vakillari bilan birga har bir maktabda o‘rganish ishlarini olib bordi. Darslarga qatnashmayotgan o‘quvchilar taxmin qilinganidan ham ko‘p ekani aniqlandi.
Shu bois, ta’lim-tarbiya borasidagi majburiyatlarni bajarmagan 124 ming nafar ota-ona rasmiy ogohlantirildi, to‘rt mingga yaqiniga Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47-moddasiga asosan ma’muriy chora ko‘rildi. Qisqa vaqtda maktablardagi davomat 70 foizdan 97 foizdan oshdi.
– Ijtimoiy tarmoqlarda bu jarayondan norozi kishilar uchramoqda? Nima uchun ularga bu ma’qul kelmayapti?
– Haqiqatan ham ijtimoiy tarmoqlarda Milliy gvardiya xodimlarining maktablarda tartibni saqlashga qaratilgan harakatlari boshqacha talqin qilinmoqda. Ota-onalarni chalg‘itish orqali norozilik keltirib chiqarishga urinish holatlari uchrab turibdi.
Ajablanarli tomoni shundaki, Milliy gvardiya xodimlarining maktab ostonasida turishi bolalarning ruhiy holatiga salbiy ta’sir qilishi mumkinligi bildirilgan.
Bunday fikrlarga pedagog sifatida ham, olim sifatida ham, ota sifatida ham mutlaqo qo‘shilmayman. Boisi, Milliy gvardiya xodimlari o‘zlariga yuklatilgan vazifani maktab jamoasi, mahalla faollari bilan hamkorlikda olib bormoqda.
E’tiborlisi, qisqa vaqtda juda katta natijalar qayd etildi. Minglab bolalar maktabga qaytarildi. Chunki maktabga ketdim deb ko‘cha-ko‘yda sang‘ib, nomaqbul yo‘lga kirib ketayotgan dilbandlarimiz kammi yoki buni odamlar bilmaydimi?
Shu sababli, bu borada bilib-bilmay nomaqbul fikrlar bildirish to‘g‘ri emas.
– O‘quvchilarda huquqbuzarlikka qarshi immunitet hosil qilish masalasi qanday amalga oshiriladi?
– O‘quvchilarning darsga qatnashishi va davomatini nazorat qilish bilan birga xodimlarimiz maktablar xavfsizligini ta’minlashga ham jiddiy e’tibor qaratmoqda. Begonalarning maktabga kirishining oldi olinishi bilan birga shubhali vaziyatlar ro‘y berganda ular zudlik bilan bartaraf etilmoqda.
Bularning hammasi bolalar ko‘z o‘ngida yuz bermoqda. Bu nafaqat huquqbuzarliklarning oldi olish, balki o‘quvchilarda huquqbuzarlikka qarshi immunitet hosil qilishda muhim o‘rin tutadi.
Maktablarda xavfsizlikni ta’minlash borasida yangi ish tizimi joriy qilingani o‘z natijasini berib, 6 holatda maktabga begonalar kirishining oldi olingan. Barcha holat bo‘yicha aybdor shaxslarga qonunchilikda belgilangan javobgarlik choralari ko‘rilgan.
Bular vaqtincha emas, balki davomatni to‘liq ta’minlash va o‘quvchilar orasida huquqbuzarliklarning oldini olish orqali ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan uzoq muddatli amaliy chora-tadbirlardir.
Aytib o‘tish kerakki, Milliy gvardiya xodimlari maktab hududida turli huquqbuzarliklar, o‘g‘rilik, tan jarohati yetkazish, o‘tkir tig‘li buyumlar va pichoqlarni maktabga olib kirish, tamaki va spirtli ichimliklar iste’mol qilish, o‘quvchilar o‘rtasidagi janjallar bo‘lishining oldini ham olmoqda.
Shu o‘rinda bir holatni eslab o‘tsak: xorijiy mamlakatlar maktablarida qurol bilan bog‘liq turli noxush holatlar uchrab turishi, maktablarga kirib qurol bilan tahdid qilish, o‘q otish oqibatida qurbon bo‘lganlar borligi hech kimga sir emas-ku.
Shu jihatdan maktablarning ishonchli himoya ostida ekani, farzandlarimiz xavfsizligi ta’minlanishi quvonarli emasmi?
Bolaning xulqidagi noxush o‘zgarishlarning vaqtida aniqlanishi va bunga pedagog, ota-ona, mahalla hamkorligida barham berilishi aslida yutuq emasmi?
Zero, ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy aytganidek, tarbiya biz uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidir.
Qolaversa, Yangi O‘zbekiston kelajagi komil va bilimli farzandlarimiz qo‘lida bo‘lishi kerak.
Norgul Abduraimova, O‘zA