O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligida xalqimizning atoqli adibi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Xayriddin Sultonning «Ishonch telefoni» kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi, deb xabar qilmoqda uyushma axborot xizmati.
Unda vazirlik jamoasi, Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, nashriyot vakillari ishtirok etdi.


– Xayriddin Sultonning ushbu asari butunlay hayotiy voqea-hodisalar asosiga qurilgan va ular noodatiy bir shaklda o‘quvchiga yetkaziladi, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari, taniqli shoir G‘ayrat Majid. – Asarning asosiy qahramoni – «Ishonch telefoni» operatori Mohidil Ismatova. Unga turli toifadagi kishilar qo‘ng‘iroq qilib, boshlaridan o‘tgan voqealarni hikoya qilib berishadi. Shu muloqotlar orqali hayot atalmish murakkab jarayon va murakkab, chigal, qiziqarli taqdirlar ko‘z oldingda namoyon bo‘ladi.


Har bir qo‘ng‘iroq egasining sarguzashti, gap-so‘zlari mustaqil bir novella taassurotini beradiki, novellalar Mohidil vositasida o‘zaro bog‘lanadi. Ularni bir ipga tizilgan tasbeh donalariga ham o‘xshatish mumkin. Tasbeh o‘girib, zikrga berildingmi, to‘xtamaganing singari o‘qishni boshladingmi, asarning sirli va sehrli olamiga kirib ketasan. Yo‘q, endi asar o‘qimaysan, o‘zingni shu hayot ichida ko‘rasan.

– Ushbu kitob qahramonlarini har qadamda uchratish mumkin, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Obiddin Mahmudov. – Hayotning va inson ruhiyatining badiiy ifodasi har bir kitobxonni maftun etadi.
Taqdimot samimiy, qizg‘in bahs-munozaralarga boy ruhda o‘tdi.
N.Usmonova, O‘zA