Mehnat kodeksiga asosan ish beruvchi mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida o‘qitilayotgan, qayta tayyorlashdan yoki malaka oshirishdan o‘tayotgan, shuningdek, ishlab chiqarish ta’limini o‘tayotgan xodimlarga ish va o‘qishni birga olib borish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishi shart.
Xo‘sh, bu holatda ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olayotgan xodimlarga qanday kafolatlar beriladi? Mazkur o‘zgarishlar xususida Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Muhriddin Shamsiddinov quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Mehnat kodeksining 383-moddasi 2-qismiga binoan mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlarga ish joyi bo‘yicha o‘rtacha ish haqi saqlangan holda o‘quv ta’tili, qisqartirilgan ish haftasi hamda mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda va mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda belgilangan boshqa kafolatlar beriladi.
Mazkur moddaning 3-qismiga binoan mehnat shartnomasi bo‘yicha ta’lim tashkilotlarida ishlab chiqarishdan ajralmagan holda o‘qiyotganlarga yillik mehnat ta’tillarini ish beruvchi ularning xohishiga ko‘ra, bakalavriat talabalari uchun davlat attestatsiyasi va bitiruv malaka ishini himoya qilish, magistratura talabalari uchun magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish vaqtiga yoxud imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga to‘g‘rilab berishi shart.
E’tibor berish kerakki, moddaning 4-qismiga ko‘ra umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim tashkilotlarida, kadrlarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish institutlarida (kurslarida) mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda o‘qiyotgan, ishga yangi qabul qilingan xodimlar uchun, agar ular o‘z yillik mehnat ta’tillarini bakalavriat talabalari uchun davlat attestatsiyasi va bitiruv malaka ishini himoya qilish, magistratura talabalari uchun magistrlik dissertatsiyasini himoya qilish vaqtiga yoxud imtihonlar va laboratoriya-imtihon sessiyalari vaqtiga moslashtirishmoqchi bo‘lsa, ularning xohishiga ko‘ra, yillik mehnat ta’tili mazkur ish beruvchidagi mehnat faoliyatining olti oyi tugaguniga qadar beriladi.
– Xodimlarga kirish imtihonlari uchun ham ta’til beriladimi?
– Albatta, Mehnat kodeksning 384-moddasiga binoan kirish imtihonlarida ishtirok etishga ruxsat berilgan xodimlarga oliy ta’lim tashkilotlariga kirish imtihonlarini topshirish uchun kamida o‘n besh kalendar kun muddatga ish haqi saqlanmagan holda ta’til beriladi. Ta’lim tashkilotlari joylashgan yerga borish va qaytib kelish vaqti bu hisobga kirmaydi.
– Kechki yoki sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha ta’lim olayotgan xodimlar uchun qanday kafolatlar va kompensatsiyalar mavjud?
– Mehnat kodeksining 385-moddasi 1-qismida kechki yoki sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha ta’lim olayotgan xodimlar uchun kafolatlar va kompensatsiyalar nazarda tutilgan bo‘lib, unga ko‘ra oliy va o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tashkilotlarida kechki yoki sirtqi ta’lim shakli bo‘yicha o‘qiyotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyalarida ishtirok etgan davr uchun o‘quv ta’tillari oliy ta’lim tashkilotlarida kechki ta’lim shaklida o‘qiyotgan birinchi va ikkinchi kurs talabalariga kamida yigirma kalendar kun beriladi.
O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tashkilotlarida o‘n kalendar kun, oliy va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlarida sirtqi ta’lim shaklida o‘qiyotganlarga esa o‘ttiz kun, oliy ta’lim tashkilotlarida kechki ta’lim shaklida uchinchi va undan yuqori kurslarda o‘qiyotganlarga kamida o‘ttiz kalendar kun berilishi lozim.
Shuningdek, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi tashkilotlarida kamida yigirma kalendar kun, oliy va o‘rta maxsus ta’lim, kasb hunar ta’limi tashkilotlarida sirtqi ta’lim shaklida o‘qiyotganlarga esa kamida qirq kalendar kun muddatga o‘rtacha ish haqi saqlangan holda har yili beriladi.
E’tibor qaratish lozim bo‘lgan yana bir jihat shuki, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilik yoki mehnat haqidagi boshqa huquqiy hujjatlarda ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilganiga nisbatan davomiyligi ko‘proq bo‘lgan o‘quv ta’tillari nazarda tutilishi mumkin.
Ishni o‘qish bilan birga olib borayotgan xodimlarga navbatdagi mehnat ta’tillari ular o‘quv ta’tillaridan foydalanganligidan qat’i nazar beriladi.
– Ish beruvchi yo‘l haqini ham to‘lashga majburmi?
– Mehnat kodeksining 385-moddasi 4-qismiga asosan, ish beruvchi oliy ta’lim tashkilotlarida sirtqi ta’lim shaklida tahsil olayotgan xodimlarga laboratoriya-imtihon sessiyasida ishtirok etish uchun ta’lim tashkiloti joylashgan yerga borishi va u yerdan qaytib kelishi uchun yiliga bir marta yo‘lkira haqining ellik foizidan kam bo‘lmagan miqdorini to‘laydi. Davlat attestatsiyasidan o‘tish uchun xuddi shunday miqdorda yo‘lkira haqi to‘lanadi.
– Bunday kafolatlar ikkinchi marta tegishli darajadagi ta’lim olayotganda ham beriladimi?
– Yo‘q. Chunki Mehnat kodeksining 386-moddasiga muvofiq ishni o‘qish bilan birga olib borayotgan xodimlarga kafolatlar va kompensatsiyalar birinchi marta tegishli darajadagi ta’lim olayotganda beriladi. Mazkur kafolatlar va kompensatsiyalar, shuningdek, tegishli darajadagi ta’lim olgan hamda ish beruvchi tomonidan ichki hujjatlar, mehnat shartnomasi yoki ish beruvchi va xodim o‘rtasida tuzilgan alohida kelishuvga muvofiq ta’lim olishga yuborilgan xodimlarga ham berilishi mumkin.
Ishni bir vaqtning o‘zida ta’lim faoliyatini amalga oshiruvchi ikki tashkilotdagi o‘qish bilan birga olib borayotgan xodimga faqat ushbu tashkilotlarning birida (xodimning tanloviga ko‘ra) olayotgan ta’limi munosabati bilan kafolatlar va kompensatsiyalar beriladi.
– O‘quv ta’tili ish stajiga qo‘shib hisoblanadimi?
–Ushbu Kodeks 383-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan mehnat shartnomasi bo‘yicha ishdan ajralmagan holda ta’lim tashkilotlarida tahsil olib, o‘quv rejasini bajarayotgan xodimlarning o‘quv ta’tili ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA