Ishlab chiqarishni mahalliylashtirishda hamkorlik
«O‘zavtosanoat» AJ qoshidagi «Cooperation lab» tarmoqlararo kooperatsiyani rivojlantirish markazi hamda «UzAuto Motors» AJ o‘quv-ishlab chiqarish injiniring markazi tomonidan «Investorlar va tadbirkorlar uchun avtomobil import qismlarini mahalliylashtirish» mavzusida seminar bo‘lib o‘tdi.
«O‘zavtosanoat» AJ ishlab chiqarish masalalari bo‘yicha boshqaruv raisining o‘rinbosari Farhod To‘rayevning qayd etishicha, markaz ishlab chiqaruvchi va tadbirkorlar o‘rtasida aloqalarni yaratish bilan cheklanib qolmay, innovatsion loyihalarni «g‘oyadan to rastagacha» qo‘llab-quvvatlaydi.
O‘zbekistonda import o‘rnini bosuvchi mahsulotlarni ishlab chiqarish, mahalliylashtirishni kengaytirish hamda ishlab turgan korxonalarni chuqur tahlil qilib, salohiyatini yanada oshirishga ko‘maklashish yuzasidan tizimli ishlar qilinmoqda.
Mazkur tadbirni o‘tkazishdan maqsad ham hozirgi kunda import bo‘lib kelayotgan butlovchi qismlarni mahalliylashtirish bo‘yicha hamkorlikni yanada rivojlantirish va uni sohalararo hamkorlik darajasiga olib chiqishdan iborat. Xususan, sohaga qiziqishi bor investor va tadbirkorlar qanday qilib «UzAuto Motors» ta’minotchisi bo‘la olishi hamda istiqboldagi rejalarni kelishib olish uchun maydon yaratish maqsadida tashkil etildi.

Tadbir doirasida amalga oshirilayotgan loyihalar, jumladan, alyumin disklar, rul chambaraklari, old oyna tozalagichlar va oyna ko‘targichlar, rezina qistirgichlar ishlab chiqarish kabilar haqida ma’lumot berildi.
Anjumanda ishtirokchilar bu borada o‘z taklif va mulohazalarini bildirdi.
O‘zA