Davlatimiz rahbari tomonidan sanoat sohasiga berilayotgan e’tibor tufayli mamlakatimizning barcha hududlarida kichik va o‘rta biznes sub’ektlarini rivojlantirishga, ayniqsa, ayollar bandligini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Shu maqsadda, Buxoro viloyati Olot tumani “Jayxunobod” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “Zebito Kids” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 500 million so‘mni tashkil etuvchi loyiha asosida trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, ayni paytda bu yerda 25 nafar xotin-qizning doimiy bandligi ta’minlangan.

Korxona tomonidan bir oyda 30 ming donagacha bolalar kiyim-kechak mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulotlar asosan Toshkent shahri, qo‘shni tumanlar hamda ichki bozorga yetkazib berilmoqda.


Shuningdek, korxona rahbariyati bugun mahsulot sifatini yanada oshirish, ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish va ichki bozorga raqobatbardosh mahsulotlar yetkazib berish borasida yangi rejalar ustida ish olib bormoqda.
Zarif Komilov, O‘zA