Ishlab chiqarish korxonalari yarim yilda 81 trillion so‘mdan ortiq soliq to‘ladi
Ishlab chiqarish korxonalari tomonidan yarim yilda to‘langan 81 trillion so‘mdan ortiq soliq mamlakat sanoat salohiyati, yirik korxonalarning iqtisodiyotdagi o‘rni va soliq bazasining qay darajada shakllanganini ko‘rsatuvchi muhim ko‘rsatkich.
Soliq qo‘mitasining 2026-yil yanvar–iyun oylarida ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi 64 ming 551 ta yuridik shaxs tomonidan davlat byudjetiga 81 trillion so‘mdan ortiq soliq to‘langan.
Raqamlarga sinchiklab nazar tashlansa, bu mablag‘larning salmoqli qismi nisbatan kam sonli yirik soliq to‘lovchilar hissasiga to‘g‘ri kelishi ko‘rinadi. Xususan, 20 ta soliq to‘lovchi 11,6 trillion so‘m soliq to‘lagan. Bu umumiy tushumning qariyb 14 foizi demakdir. Bunda NKMK va OKMK aksiyadorlik jamiyatlari hisobga olinmaganini alohida ta’kidlash lozim.
Ishlab chiqarish sohasidagi 64,5 mingdan ziyod yuridik shaxsning barchasi bir xil iqtisodiy salohiyatga ega emas. Yirik korxonalarning tovar aylanmasi, ishlab chiqarish hajmi va soliq bazasi kichik hamda o‘rta biznes sub’ektlariga nisbatan ancha yuqori. Bu holat 20 ta yirik soliq to‘lovchining ko‘rsatkichlarida ham yaqqol namoyon bo‘ladi. Ularning jami tovar aylanmasi 88,4 trillion so‘mni tashkil etgan. Demak, yirik ishlab chiqarish korxonalari nafaqat byudjet tushumlarining muhim manbai, balki iqtisodiy faollikning asosiy nuqtalaridan biri sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shu bilan birga, bunday konsentratsiya yana bir masalani kun tartibiga olib chiqadi: byudjet tushumlarining yirik korxonalarga bog‘liqligi qanchalik yuqori bo‘lsa, iqtisodiy xavflar ham shunchalik muayyan sektor va korxonalar faoliyatiga bog‘lanib qolishi mumkin. Shu sababli kichik va o‘rta ishlab chiqarish korxonalarini ko‘paytirish, ularning ishlab chiqarish hajmini oshirish va soliq bazasini kengaytirish uzoq muddatda byudjet daromadlarining barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Asosiy tushum QQS hisobiga to‘g‘ri kelmoqda. 20 ta yirik soliq to‘lovchining soliqlari tarkibiga nazar tashlasak, eng katta tushum qo‘shilgan qiymat solig‘i — 3,6 trillion so‘m hisobiga to‘g‘ri kelganini ko‘ramiz. Undan keyin aksiz solig‘i 2,6 trillion so‘m, foyda solig‘i 2,3 trillion so‘m, yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq 1,2 trillion so‘mni tashkil etdi. Shuningdek, ijtimoiy soliqdan 732,9 milliard so‘m, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan 685,2 milliard so‘m, mol-mulk solig‘idan 308,9 milliard so‘m va boshqa soliqlardan 223,5 milliard so‘m tushgan.
Bu tarkibdan ko‘rinib turibdiki, ishlab chiqarish korxonalarining byudjetga qo‘shayotgan hissasi faqat foyda solig‘i bilan cheklanmaydi. Korxona qancha ko‘p mahsulot ishlab chiqarsa va realizatsiya qilsa, qiymat zanjirida shuncha ko‘p soliq tushumi shakllanadi. Yirik korxonalar faoliyatida e’tibor qaratish lozim bo‘lgan yana bir ko‘rsatkich — soliq imtiyozlari 20 ta soliq to‘lovchi tomonidan foydalanilgan soliq imtiyozlari miqdori 1,5 trillion so‘mni tashkil etgan.
Soliq imtiyozlari, odatda, investitsiyalarni rag‘batlantirish, ishlab chiqarishni kengaytirish, yangi ish o‘rinlari yaratish yoki muayyan tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlash kabi maqsadlarga xizmat qiladi.
Biroq imtiyozning o‘zi yakuniy natija emas. Asosiy masala — imtiyoz evaziga iqtisodiyot qanday natija olmoqda? Ya’ni korxonaga berilgan imtiyoz ishlab chiqarish hajmini oshirdimi, yangi investitsiyalar jalb etildimi, ish o‘rinlari ko‘paydimi, mehnat unumdorligi va eksport salohiyati oshdimi? Ana shu savollarga javob berish soliq imtiyozlarining samaradorligini baholashda muhim. Soliq tizimining raqamlashtirilishi ham ushbu jarayonda muhim ahamiyat kasb etadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA