Ishlab chiqarish kengayib, aholi daromadi oshmoqda
“Buxoro Agroklaster DZZ” MCHJ davlatimiz rahbarining 2018 yil 16 yanvardagi “Mamlakatning oziq-ovqat xavfsizligini yanada ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga asosan tashkil etilgan.
U o‘zida yirik shoxli qora mollarni boqishdan tortib, uni sutini chuqur qayta ishlashgacha bo‘lgan barcha texnologik zanjirlarni to‘liq birlashtirgan.
Xususan, Buxoro viloyatining Qorovulbozor tumanidagi “Buxoro agroklaster chorva” MCHJ negizida chorva kompleksi bo‘lib, 700 ga yaqin yirik shoxli qoramollari mavjud.
Hozirda 500 ga yaqin Golshteyn zotli sigirlar bir kunda 30 litrdan sut bermoqda. Tumandagi 510 xonadonga naslli qoramollar tarqatib berildi. Natijada sut va go‘sht kooperatsiyasi tashkil qilindi. Shuningdek, 510 nafar ishsiz fuqaroning doimiy bandligi ta’minlandi va oilaviy daromadi oshdi.
[gallery-8273]
“Buxoro Agroklaster DZZ” MCHJda sut va sut mahsulotlarini qayta ishlab, natijada tayyor oziq-ovqat mahsulotlari ya’ni kefir, sut, pishloq, yogurt, qaymoq, smetana, shuningdek, jami 20 turdagi mahsulotlar ishlab chiqariladi.
Jamiyat tomonidan mazkur loyihani amalga oshirish uchun 6 million AQSH dollarlik investitsiya yo‘naltirilib, 15 yildan buyon ishlamay kelgan, Buxoro shahrining tashlandiq bo‘lib qolgan sobiq Kamaz sentr korxonasiga tegishli 2,6 gektardan iborat bo‘lgan hududda zamonaviy ishlab chiqarish ob’ekti qad rostladi.
Mazkur yirik ishlab chiqarish majmuasida 2 ta yangi bino qurildi.
Bu yerda mavjud ishlab chiqarish binosida Italiya va Rossiyaning oziq-ovqat sanoatida yetakchi bo‘lgan kompaniyalarida tayyorlangan eng zamonaviy texnologik liniyalar, asbob-uskuna va dastgohlar bilan jihozlandi.
Jamiyat tomonidan o‘rnatilgan uskunalar kuniga 60 tonna sutni qayta ishlash imkoniyatiga ega bo‘lib, hozirgi kunda 60 ga yaqin ishchi xodimlar va jamiyat “Latico” brendi asosida faoliyat yuritib kelmoqda.
Bundan tashqari, jamiyat tomonidan mazkur ishlab chiqarish bino-inshootlari hududida qo‘shimcha 5 milliard so‘mlik investitsiya mablag‘lari hisobiga, qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yer maydonlarining unumdorligini aniqlash bo‘yicha zamonaviy tahliliy laboratoriyasi ishga tushirilgan. Mazkur laboratoriyada viloyatning turli hududlaridan namunalar keltirilib tekshiruvdan o‘teaziladi, maxsus yaratilgan elektron tizimga yuklanadi.
Maqsad, viloyatning turli hududlarida yer unumdorligini aniqlash va markazda o‘tirib qaysi hududda qancha hosildorlik olishni aniqlash imkoniyati yaratildi.
Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA