Ishlab chiqarish hajmi kamaygani yoʻq
Jizzax akkumulyator zavodi karantin davrida faoliyatini toʻxtatmasdan, sanitariya meʼyorlariga toʻliq amal qilgan holda faoliyat koʻrsatmoqda.
Jizzax akkumulyator zavodi karantin davrida faoliyatini toʻxtatmasdan, sanitariya meʼyorlariga toʻliq amal qilgan holda faoliyat koʻrsatmoqda.
Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi davrida aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi farmoni asosida Jizzax viloyati xokimligi, davlat soliq boshqarmasi, sogʻliqni saqlash va boshqa tegishli idoralarning koʻrsatgan amaliy yordami tufayli viloyatdagi bir qator yirik korxonalarda ish butunlay toʻxtab qolmasligiga erishildi.
Jumladan, Jizzax akkumulyator zavodida koronavirus pandemiyasining tarqalishi natijasida koʻplab xodimlar masofaviy ish rejimiga va mehnat taʼtiliga chiqarilgan boʻlsada ishlab chiqarish butunlay toʻxtab qolmadi.
Zavod hududiga kirish oldidan har bir shaxs va avtomobil dezinfeksiya stansiyasida zararsizlantirilmoqda. Sexlar, kiyinish xonalari, yotoqxona, oshxona va dam olish xonalari har ikki soatda dezinfeksiya qilinib, antiseptik vositalar bilan uzluksiz taʼminlanib turibdi. Har kuni ishchilarning tana harorati bir necha marta oʻlchanadi. Tibbiy niqob tikish korxonaning oʻzida amalga oshirilib, xodimlar va ularning oila aʼzolari ehtiyojlariga yarasha taʼminlanmoqda.
Korxonada oʻtgan yili 732 ming dona batareya ishlab chiqarilgan. Bu mahsulot respublikamizdagi barcha avtokorxonalarga yetkazib beriladi va katta qismi Qirgʻiziston, Tojikiston, Afgʻoniston va Rossiyaga eksport qilinadi.
Yana bir muhim jihat, qiyinchiliklarga qaramay korxonada modernizatsiyalash ishlari davom ettirilayotir. Xususan, qoʻrgʻoshinni eritish va qotishmalar tayyorlash sexida 2000 daraja selsiy haroratga chidamli qimmatbaho gʻishtlardan rotor pechi futerovkasining ishchi qatlamini almashtirish endilikda zavodning oʻz mutaxassislari tomonidan bajarilayotir. Ilgari bu amaliyot Rossiya va Olmaliq togʻ-metallurgiya kombinati mutaxassislari tomonidan katta mablagʻ evaziga amalga oshirilar edi.
Shuningdek, yanvar oyida elektrodlar ishlab chiqarish, akkumulyator batareyalarini yigʻish va formirovka qilish sexlarida modernizatsiya loyihasi doirasida zamonaviy uskunalar olib kelingandi. Butun dunyoda karantin joriy etilgani bois xorijlik mutaxassislar kela olmadi. Ammo zavodning yuqori malakali elektronika va mexanika mutaxassislari xorijlik hamkasblari bilan internet orqali bogʻlanib, ishlab chiqarish jarayonini yengillatuvchi bu uskunalarni oʻzlari ishga tushirmoqda.
Murakkab pandemik davrda har bir ishchi-xodimning salomatligi nihoyatda qimmatli. 15 kunlik vaxta usulidagi smena davomida har bir xodimning mehnat qilish, dam olish sharoitlari yetarlicha taʼminlanib, salomatligi qatʼiy nazoratga olingan.
Mehnat sharoitlari karantin talablarini buzmasdan, oqilona va xavfsiz tashkil etilgani tufayli zavodda aprel oyidagi ishlab chiqarish quvvatlari pasaymadi. Viloyat soliq boshqarmasi axborot xizmatining maʼlum qilishicha, joriy yil aprel oyida korxona hisobidan davlat byudjetiga 752 million soʻm soliq tushumi toʻlangan.
Koronavirus pandemiyasi butun xalqimiz kabi ushbu korxona jamoasi uchun ham katta sinov boʻldi. Jamoa bu sinovdan muvaffaqiyatli oʻtmoqda.