Ishi baroridan kelayotgan tadbirkor
bugungi kunda Farg‘ona viloyatida 90 ta kichik sanoat zonasi mavjud bo‘lib, ulardan 497 ta loyiha amalga oshirilgan, 16 ming 606 ta ish o‘rni yaratilgan.
“Farg‘ona mexanika zavodi” kichik sanoat zonalaridan biri. 38 gektardan ortiq yer maydonini egallagan sanoat zonasida 29 investitsiya loyihasini amalga oshirish, 2657 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.
“Dolina master mebel” mas’uliyati cheklangan jamiyati ushbu kichik sanoat zonasida joylashgan birinchi korxonalardan. “Okkin” savdo belgisi ostida ishlab chiqarilayotgan oshxona, yotoqxona va ofis mebellari ichki bozorga yetkazib berilyapti.
-50 nafarga yaqin ishchi band bo‘lgan korxonamizda har oyda 700 million so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilyapti, - deydi sex boshlig‘i Ulug‘bek Abdullayev. – Seximizda o‘rnatilgan asbob-uskunalar Germaniyada, materiallar, xususan, DVP Rossiyada ishlab chiqarilgan.
Ishi baroridan keladigan tadbirkor bo‘lish uchun oliy ma’lumotga ega bo‘lish shart emas ekan. Korxona rahbari O‘ktam Abdullayev Turkiya, Germaniya, Italiya, Fransiyada o‘tkazilgan xalqaro mebel ko‘rgazmalarida faol ishtirok etib keladi. U zamonaviy mebel ishlab chiqarish sohasidagi yangi texnologiyalardan voqif bo‘lishni istaydi. Aks holda mahsulotlari raqobat kuchli bo‘lgan bozordagi talab-ehtiyojga javob bermay qolishi mumkinligini yaxshi biladi.
Ayki kunda korxonada turli metall konstruksiyalar tayyorlash ham yo‘lga qo‘yilgan. Qo‘shimcha tarzda matras ham tayyorlanyapti.
[gallery-3425]
Muqimjon QODIROV(surat), O‘zA