Yaqinda 220 kV kuchlanishli “Sherobod” podstansiyasida 250 MVA quvvatli avtotransformator ishga tushirildi.
“O‘zMET” AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek O‘runovning ta’kidlashicha, ushbu yangi avtotransformator elektr ta’minoti ishonchliligini oshirishga xizmat qiladi.
– 220 kV kuchlanishli “Sherobod” podstansiyasiga to‘la quvvati 250 MVA bo‘lgan avtotransformator o‘rnatilib, 72 soat davom etadigan sinov muddatiga kuchlanish ostiga qo‘yildi. Bugungi kunda olib borilayotgan modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari generatsiya jarayonida hosil qilingan hamda qisman import qilingan elektr energiyasi taqsimlovchi tarmoqlarga uzatish imkoniyatlarini oshirib, magistral tarmoqlar barqaror faoliyatini ta’minlaydi. Ushbu amalga oshirilgan modernizatsiya ishlari natijasida Surxondaryo viloyatining Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on, Bandixon, Boysun, Sho‘rchi, Qiziriq, Sherobod va Oltinsoy tumanlari hamda suv xo‘jaligi tizimidagi Sherobod nasos stansiyasi elektr ta’minoti yanada yaxshilandi, – dedi U.O‘runov.
Ma’lumot o‘rnida, ayni kunlarda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalarda 2023/2024 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
N.Ziyodullayeva, O‘zA