Ishga tiklash bilan bog‘liq nizolar qanday hal etilmoqda?
Bosh prokuraturada fuqarolik sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini ta’minlash boshqarmasi faoliyat yuritadi.
Mazkur boshqarma tomonidan 2022-2023 yillar va joriy yilning o‘tgan davrida bank tizimiga ishga tiklash bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha mehnat qonunchiligiga rioya qilinishi ahvoli tahlil qilindi.
Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda 309 ish ko‘rilib, shundan sudlar tomonidan 168 nafar xodim ishga tiklangan.
Xususan, sud qarorlari bilan bank idoralariga ishga tiklangan shaxslarga ish haqi va yetkazilgan ma’naviy zarar uchun jami 3,4 milliard so‘m undirilishi belgilangan va shundan 2 milliard so‘m to‘lab berilgan.
Shunga ko‘ra, bank tizimidagi mas’ul mansabdor shaxslardan 186 million so‘m davlatga yetkazilgan zararni regress tartibida davlat foydasiga qaytarib undirish haqida prokuratura organlari tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga prokurorlarning 40 ta da’vo arizasi kiritildi.
Shu bilan birga, mehnat qonunchiligi talablari buzilgani yuzasidan Markaziy bank raisi nomiga taqdimnoma kiritilib, mas’ullar ishtirokida muhokama qilindi.
Mehnat qonunchiligi hujjatlariga to‘liq rioya etish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
N.Abduraimova,
O‘zA