Ishga qabul qilishga oid tanlovlarda shaffoflik va xolislik yanada kuchaytiriladi
Davlat fuqarolik xizmatiga ishga qabul qilishda nomzodlarni xolis baholash, sub’ektiv yondashuvlarni cheklash va barcha ishtirokchilar uchun teng sharoit yaratish maqsadida suhbat bosqichining shaffofligini ta’minlash mexanizmlari izchil kuchaytirilmoqda.
Suhbat jarayonida beriladigan savollar vacancy.gov.uz portaliga oldindan joylashtirilgan bo‘lib, har bir nomzod uchun savollar maxsus random tizimi orqali avtomatik ravishda shakllantiriladi. Bu suhbatdan avval muayyan nomzodga savollarni yetkazish yoki unga boshqa nomzodlarga nisbatan asossiz ustunlik berish imkoniyatini sezilarli darajada cheklaydi.
Bundan tashqari, suhbat jarayoni to‘liq videoyozuvga olinadi va ushbu yozuvlar tashkilotda 6 oy davomida saqlanadi. Videoyozuvning mavjudligi suhbatning belgilangan tartibda o‘tkazilganini nazorat qilish, nomzodlarni baholash jarayonini qayta ko‘rib chiqish hamda asosli murojaatlar yuzaga kelgan taqdirda, suhbat jarayoniga ob’ektiv baho berish imkonini yaratadi.
Shu bilan birga, suhbat bosqichida inson omilini yanada kamaytirish, baholashning ob’ektivligini oshirish va barcha nomzodlar uchun teng sharoit yaratishga qaratilgan qo‘shimcha raqamli mexanizmlarni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Jumladan, sun’iy intellekt asosida baholash. Nomzodlarning javoblarini oldindan belgilangan kompetensiyalar asosida avtomatik tahlil qilish va baholash mexanizmlari joriy etiladi.
Yagona baholash mezonlari. Barcha nomzodlarda muammoni hal qilish, muloqot va jamoada ishlash kabi kompetensiyalarni aniqlashga qaratilgan standart savollar hamda yagona mezon va ball tizimi qo‘llaniladi.
Shaxsiy ma’lumotlarning ta’sirini cheklash. Sinov tariqasida nomzodning shaxsiy ma’lumotlarini baholash jarayonidan cheklab, natija faqat uning kasbiy bilim va kompetensiyalari asosida aniqlanadi.
Mazkur yondashuvlar tanlov jarayonida sub’ektiv omillar ta’sirini kamaytirish, nomzodlarning bilim va salohiyatini xolis baholash hamda davlat xizmatiga eng munosib kadrlarni tanlab olish imkoniyatlarini yanada kengaytirib, davlat organlari va tashkilotlarining tanlov komissiyalari mas’uliyatini yanada oshiradi.
Asosiy maqsad – tanlov jarayonining yanada shaffof, xolis va adolatliligini ta’minlash, davlat xizmatida meritokratiya tamoyilini mustahkamlash va har bir nomzod uchun teng imkoniyat yaratishdir.
N.Abduraimova, O‘zA