Ishga kiritish, ruxsatnoma olish va nafaqa tayinlash bilan bog‘liq noqonuniy holatlar aniqlandi
Korrupsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi Departament va Ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda hududlarda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Xususan, Xorazm viloyati IIB Jamoat tartibini saqlash boshqarmasi kichik inspektori o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, Xonqa tumanida yashovchi, 1973 y.t. fuqaroning ishonchiga kiradi va uning 2001 y.t. tanishini ichki ishlar organlariga ishga kiritib qo‘yish evaziga 4500 AQSH dollari talab qiladi.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda, inspektor oldindan 1800 AQSH dollari va 2,4 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Toshkent viloyatida qayd etilgan holatda esa tuman Maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi metodisti xususiy oilaviy bog‘cha tashkil qilmoqchi bo‘lgan fuqarodan xonadonning sanitariya talablariga mosligi bo‘yicha ruxsatnoma tayyorlatib berish evaziga 1,5 mln so‘m hamda yong‘in xavfsizligi talablariga muvofiqligi yuzasidan ijobiy xulosa olib berish uchun 200 AQSH dollari talab qiladi. U so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

So‘ngra tezkor tadbir davom ettirilib, metodistdan 200 AQSH dollarini olgan vaqtida tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi katta inspektorining ham noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Bu kabi qonunbuzilishi Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham qayd etildi.
Jumladan, Chimboy tumanida yashovchi, 1970 y.t. ayol Kegeyli tumanida istiqomat qiluvchi, 1969 y.t. fuqaroga yoshga doir nafaqa tayinlanishida uning ish stajini ko‘paytirib berish evaziga 7 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Aniqlanishicha, ayol bu ishni Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligida mas’ul lavozimda faoliyat yurituvchi o‘g‘li orqali amalga oshirishni rejalashtirgan.
Hozirda uchala holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Hurmatli fuqarolar, kundalik hayotda shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelsangiz DXXning 1520 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilib, xabar bering. Shaxsingizning sir saqlanishi kafolatlanadi.