Ishchi-xodimlar bellashuvida g‘oliblar aniqlandi
Yuqori Chirchiq tumanidagi sport majmuasida mamlakatimiz Mustaqilligining o‘ttiz uch yillik bayrami munosabati bilan “Bir bo‘lsak –yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida spartakiada o‘tkazildi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Toshkent viloyati Kengashi hamda Toshkent viloyati sport boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan musobaqada hududdagi har bir tarmoqdan 16 nafar turli kasb-egalari bo‘lgan jami 128 nafar xodimlardan iborat jamoalar, shaxmat-shashka, stol tennisi, xotin-qizlar esa badminton, suzish sport turlari hamda gimnastrada o‘zaro kuch sinashdi.
Asosiy maqsad korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat yuritayotgan xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish, ommaviy sportni yanada rivojlantirish, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, aholining jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratishdir.
[gallery-18726]
Hakamlarning yakuniy natijalariga asosan har bir sport turi bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi. Ularga tashkilotchilarning esdalik sovg‘alari, diplom va medallari taqdim etildi. Tashkilotchilar tomonidan sport musobaqalarda faol ishtirok etgan ishchi-xodimlar “Eng matonatli ishtirokchi”, “Eng yoshi katta ishtirokchi”, “Eng yosh ishtirokchi”, “Eng chaqqon ishtirokchi”, “Eng shijoatli ishtirokchi”, “Eng zukko ishtirokchi”, “Eng faol ayol ishtirokchi”, “Eng faol erkak ishtirokchi”, “Sog‘lom turmush tarzi targ‘ibotchisi” va “G‘alabaga bo‘lgan intilishi uchun” kabi nominatsiyalarda rag‘batlantirildi.
Umumjamoa hisobida g‘oliblikni ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi tarmog‘i qo‘lga kiritib “Mustaqillik kubogi” sohibi bo‘lishdi. Ikkinchi o‘rinni metallurgiya va mashinasozlik sanoati tarmoqlari xodimlari kasaba uyushmasi tarmog‘i egallagan bo‘lsa, uchinchi o‘rinni tadbirkorlik, biznes va xizmat ko‘rsatish kasaba uyushmasi tarmog‘i xodimlari munosib topildi.
A.Musayev, A.Alijonov (surat), O‘zA.